Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Soʻx tumani hokimi: biz tinchlik va totuvlik tarafdorimiz
14:30 / 2020-09-11

Fargʻona viloyati Soʻx tumani “Chashma” mahalla fuqarolar yigʻinida Qirgʻiziston Respublikasi Qadamjoy tumani vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.


Fargʻona viloyati Soʻx tumani “Chashma” mahalla fuqarolar yigʻinida Qirgʻiziston Respublikasi Qadamjoy tumani vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda doʻstlik va yaqin qoʻshnichilik munosabatlarini mustahkamlash va turli sohalarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyish borasidagi masalalar muhokama etildi.

Uchrashuvda Soʻx tumani “Chashma” mahalla fuqarolar yigʻini hududida yashovchi fuqaro Beknazarovlar oilasining joriy yil 31-may kuni Qirgʻiziston va Oʻzbekiston fuqarolari oʻrtasida boʻlib oʻtgan tartibsizlik oqibatida talofat koʻrgan uyini taʼmirlash va qayta tiklash, birgalikda Chashma bulogʻi va uning atrofidagi ariqlarini tozalash masalalariga eʼtibor qaratildi. Mazkur masala ikki tomon kelishuviga binoan hal etilishi taʼkidlandi. Shuningdek, Chashma bulogʻi atrofida yangi istirohat bogʻini tashkil etish taklifi ham Qirgʻiziston tomonidan oktyabr oyida hal etilishi qayd etildi.

Ikki davlat chegaralarining kelishmagan hududida joylashgan Chashma bulogʻidan oqayotgan ariqlarni tozalash ishlari kelishib olindi.

Kelishuvga binoan Qirgʻiziston Respublikasining Qadamjoy tumani Birlik ovuli hududida futbol maydonchasi bunyod etiladi, bu taklif asosida qoʻshma bayon tasdiqlandi. Soʻx tumani “Chashma” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Vargan massivida tik quduq oʻrnatish ishlari boshlangan, biroq, hozirgi paytda bu ishlar toʻxtatilgan. Mazkur jarayon ikki davlat gidrogeologiya komissiyasi xulosalariga asosan joriy yilning 12-sentyabr kunidan boshlab yoʻlga qoʻyilishiga kelishib olindi.

Soʻx tumani hokimi S.Sayidmusayev va Qadamjoy tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi A.Jakparov ikki davlat oʻrtasida turizmni rivojlantirish, doʻstlik va birodarlik rishtalarini yana-da mustahkamlash borasida oʻzaro fikr almashdi. Yaqin kunlarda bir guruh qoʻshni davlat vakillari Fargʻona viloyatining diqqatga sazovor joylariga sayohat qiladi.

– Biz har doim tinchlik va totuvlik tarafdorimiz, – deydi Soʻx tumani hokimi S.Sayidmusayev. – Chunki muhtaram Prezidentimiz tomonidan qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarni mustahkamlashga katta eʼtibor berilmoqda. Ikki davlat manfaatiga xizmat qiladigan strategik loyihalarni amalga oshirish, oʻzaro mehr-oqibat va doʻstlik rishtalarini jonlantirish, munosabatlarni yana-da kengaytirishga xizmat qiladigan turli maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni oʻtkazib, bir-birimizga yana-da yaqin va jips boʻlib, yashab, faoliyat olib borishimiz lozim.