Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Snos” muammosiga oqilona yechim
10:38 / 2024-01-09

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zLiDeP fraksiyasi yig‘ilishida mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor muhim qonun loyihalari muhokama qilindi.

“Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda ko‘rib chiqildi.    

Ta’kidlanganidek, har kim o‘z boyliklariga egalik qilish, foydalanish va boshqarish huquqiga ega. Mamlakatimizda xususiy mulk va unga bo‘lgan huquqlar daxlsizligi ishonchli himoya qilinishini ta’minlash hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklashga doir tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi belgilandi. Bu bir necha yillardan buyon jamiyatimizdagi o‘tkir muammolardan biriga aylangan “snos” bilan bog‘liq muammoga nisbatan oqilona yechim bo‘ldi.  

Mazkur qonun loyihasi bilan hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishiga yo‘l qo‘yilmasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati va u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi kafolatlanishi belgilanmoqda.  

Fraksiya a’zolarining fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini so‘zsiz amalga oshirishga, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni belgilangan tartibda qoplanishi orqali xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari ta’minlanishiga xizmat qiladi.  

Muhokamalarda qonun loyihasida nazarda tutilayotgan yangiliklar O‘zLiDeP saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalar bilan uyg‘un va hamohang ekanligi alohida qayd etildi. Partiya nuqtai nazariga ko‘ra, xususiy mulk huquqi va kafolatlarning ishonchli himoyasini ta’minlash, barcha to‘siq va cheklovlarni bartaraf etish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish yo‘lida to‘liq erkinlik berish – mamlakat iqtisodiy tizimini liberallashtirishning eng muhim yo‘nalishidir.  

Qizg‘in muhokamalar davomida ayrim normalar bo‘yicha asosli savollar o‘rtaga tashlandi va qonun tashabbuskorlari tomonidan atroflicha javob olindi.  

 

M.Komilova,  

O‘zA