Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SMTI direktori: Markaziy Osiyoning jadal rivojlanishi Koreya uchun yangi va istiqbolli imkoniyatlar ochadi
16:40 / 2023-12-11

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi: strategik muloqot: o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqboli” mavzusidagi ekspertlar forumida chiqish qilib, Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab berdi.

Institut direktori qayd etganidek, mintaqamizning jadal o‘zgarishi Koreya va boshqa tashqi hamkorlar uchun mutlaqo yangi, hali foydalanilmagan imkoniyatlar eshigini ochadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreya tashqi savdo aylanmasida Markaziy Osiyoning ulushi bir foizga ham yetmaydi($1,4 trln.). Hatto mintaqa davlatlari uchun ham Seul bilan savdo hajmi unchalik yuqori emas va umumiy ko‘rsatgichdan to‘rt foiz ($225 mlrd.)ni tashkil qiladi.

Markaziy Osiyoning jadal o‘zgarishi ham Koreya, ham mintaqadagi boshqa tashqi hamkorlar uchun mutlaqo yangi va hali fydalanilmagan imkoniyatlar eshigini ochadi.

Bugun Markaziy Osiyo davlatlari yanada yaqin hamkorlik sari intilayotganliklarini namoyish etib, mintaqada raqobatbardosh ustunliklardan foydalanish va bir-birini to‘ldirishga asoslangan iqtisodiy rivojlanishning yangi yo‘lini yaratishga tayyor ekanliklarini bildirayotgani qayd etildi.

Shu bois ko‘p tomonlama hamkorlikni kuchaytirish uchun yangi aloqalarni o‘rnatish, hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlarini aniqlash va aniq takliflar ishlab chiqish birinchi navbatdagi vazifa hisoblanadi.

Birinchi navbatda, ilmiy-texnologik va raqamlashtirish sohalari bo‘yicha hamkorlikni yanada mustahkamlash yorqin istiqbolga ega, dedi u.

Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish sohasida dunyoda yetakchilardan hisoblangan Seul sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, “yashil itisodiyot” kabi sohalarga yangi texnologiya va innovatsiyani joriy qilishdan manfaatdor bo‘lgan Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun istiqbolli hamkor bo‘lishi mumkin. Ikkinchidan, birgalikda inson kapitalini rivojlantirish uchun ob’ektiv talab bor, deb qayd etdi ekspert.

Xususan, ta’lim, o‘zaro akademik almashinuv, texnik va muhandislik yo‘nalishlari hamda o‘rta bo‘g‘indagi boshqaruv xodimlari bo‘yicha kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish dolzarb ahamiyatga ega.

Hamkorlikning bu yo‘nalishida ijobiy tajriba to‘plangan. Masalan, O‘zbekistonda Janubiy Koreyaning 4 ta universiteti filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.

Yangi formatdagi mutaxassislarni tayyorlash o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun muhim yo‘nalishga aylanishi mumkin. Bu esa qo‘shma loyihalarni samarali amalga oshirishga hissa qo‘shgan holda, hamkorlik rivojiga qo‘shimcha sur’at, kuch bag‘ishlaydi.

Uchinchidan, E.Aripovning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreya Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikda kelgusida qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishga o‘tish, bunday tovarlarni uchinchi mamlakatlarga sotish bo‘yicha xom ashyoni chuqur qayta ishlash va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirishga e’tibor qaratishi mumkin.

To‘rtinchidan, iqlim o‘zgarishiga moslashish va “yashil” texnologiyani keng joriy qilish ham muhim yo‘nalish, deya ta’kidladi ekspert. Bugun Markaziy Osiyo dunyo bo‘yicha iqlim o‘zgarishi oqibatidan eng zaif mintaqalar ro‘yxatidan joy olgan.

Shu o‘rinda qayta tiklanuvchi energiya manbalari, zamonaviy energiya tejovchi va ekologik toza texnologiyani keng joriy etish maqsadida Janubiy Koreyaning boy tajribasi va sarmoyasidan foydalanish muhim o‘rin tutadi.

“Bugun batafsil muhokama qilinishi kutilayotgan ayni yo‘nalishlar hamkorligimizni yanada boyitib, mavjud ehtiyojlarimizga moslashtiradi”, - dedi Eldor Aripov.

G‘.Xonnazarov tayyorladi.

O‘zA