Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
SMTI direktori: Mamlakatimiz Turkiy davlatlar tashkiloti tadbirlari uchun muhim maydonga aylandi
13:01 / 2022-11-22

Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan “Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammiti: asosiy yakunlar va hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov TDT Istambulda va Samarqandda bo‘lib o‘tgan sammitlar oralig‘ida ilgari erishilgan kelishuvlarni amaliy mazmun bilan boyitish hamda “Turkiy dunyo nigohi-2040” strategiyasini amalga  oshirish doirasida yangi loyihalar ishlab chiqish bo‘yicha misli ko‘rilmagan faollik namoyish etganini qayd etdi.

“Mamlakatimiz Turkiy davlatlar tashkiloti tadbirlari uchun muhim maydonga aylandi”, - dedi SMTI rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Samarqandda “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” mavzusida bo‘lib o‘tgan TDT birinchi sammiti barcha tadbirlarning asosiy yakuni sifatida namoyon bo‘ldi.

Erishilgan kelishuvlar Xitoydan Yevropagacha cho‘zilgan keng makonni egallagan turkiy davlatlarning mamlakatlarimiz birdamligiga, zamon bilan hamnafas bo‘lishga intilishini ko‘rsatdi.

Sammitda muzokaralar yakuni bo‘yicha 10 dan ortiq ko‘p tomonlama hujjat, xususan, Samarqand deklaratsiyasi imzolandi. Ushbu deklaratsiyada tashkilotga a’zo davlatlarning muhim va dolzarb mintaqaviy, xalqaro masalalarni, ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kelishilgan fikrlari qayd etilgan.

“Turkiy davlatlar tashkilotining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi” tasdiqlanishi oxirgi sammitning mantiqiy natijasi bo‘ldi. Hujjatda yaqin yillar uchun ko‘p tomonlama sheriklikning barcha yo‘nalishlari va dasturlari belgilangan.

Sammit kun tartibida amaliy hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Mintaqaning barcha mamlakatlarida o‘zaro savdo va investitsiyaviy faoliyat uchun qulay sharoit yaratish, transport va logistika, energetika, qishloq xo‘jaligi, turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish kabi ustuvor masalalar shular jumlasidan.

Binobarin, uchrashuvda tegishli kelishuv va hujjatlar, xususan, Transport bog‘liqligi dasturi, Xalqaro aralash yuk tashish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ushbu qarorlar turkiy davlatlar o‘rtasida o‘zaro savdoni amalga oshirish bo‘yicha vaziyatni tubdan yaxshilash uchun zarur.

«Ayni hujjatlar ko‘p tomonlama hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgilaydi. Ular TDTga a’zo mamlakatlar sa’y-harakatini birlashtirishi, bugungi kunda davlatlarimiz to‘qnash kelayotgan tahdidlarga jamoaviy javob bo‘lishi kerak», - deya so‘zini yakunladi E.Aripov.

Xorijlik mutaxassislar ishtirokidagi onlayn tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti hamkorligida tashkil etildi.

Unda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston, Turkiya, Vengriyaning yetakchi tahliliy markazlari, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti kotibiyatining 20 dan ortiq vakili ishtirok etmoqda.

Qatnashchilar Turkiy davlatlar tashkiloti Samarqand sammitining yakuni, ahamiyati, anjumanda Prezidentimiz tomonidan bildirilgan muhim tashabbuslarni muhokama qilishdi.

G‘ayrat Xonnazarov tayyorladi.

O‘zA