Toshkentda barpo etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Smithsonian Magazine — AQSHdagi Smitson institutining rasmiy nashri talqiniga ko‘ra, 2026 yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilgan 10 ta muzeydan biri sifatida e’tirof etildi. 1970 yilda tashkil etilgan ushbu jurnal fan, tarix, madaniyat va muzeyshunoslik sohalarida xalqaro miqyosda nufuzli ilmiy-ommabop nashr hisoblanadi. Uning reytinglariga kiritilish loyihalar uchun jahon darajasidagi yuksak ekspert bahosining belgisi sifatida qaraladi.
Nufuzli reytingga, shuningdek, Lucas Museum of Narrative Art (Los-Anjeles), National Geographic Museum of Exploration (Vashington, D.C.), London Museum (London), MoN Takanawa: The Museum of Narratives (Tokio), The Hip Hop Museum (Nyu-York) va Kanal–Centre Pompidou (Bryussel) kabi mashhur muzey loyihalari ham kiritilgan. Bu esa O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini jahon miqyosidagi eng yirik muzey tashabbuslari bilan bir qatorga qo‘yadi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ochilishi 2026 yil mart oyiga rejalashtirilgan. Smithsonian Magazine ta’kidlashicha, uch qavatli muzey majmuasi keng ko‘lamli ko‘rgazma maydonlari, Renessans davri zallari, shuningdek, turli tarixiy davrlarda yaratilgan Qur’oni Karimning 114 ta qo‘lyozma nusxasidan iborat noyob to‘plamni o‘z ichiga oladi. Ular orasida VII asrga mansub Usmon Qur’oni — dunyoda saqlanib qolgan eng qadimiy muqaddas kitob nusxalaridan biri ham mavjud.
Jurnal markazda zamonaviy raqamli texnologiyalar keng qo‘llanilishini alohida qayd etadi. Xususan, sun’iy intellekt asosida yaratilgan “jonli portretlar” orqali tashrif buyuruvchilar buyuk islom olimu mutafakkirlari bilan virtual muloqot qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Islom sivilizatsiyasi markazi tarkibida, shuningdek, islomiy merosni o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot instituti, qadimiy qo‘lyozmalarni restavratsiya qilish laboratoriyalari hamda 460 o‘rinli xalqaro konferensiya zali faoliyat yuritadi. Bu esa markazning jahon darajasidagi ko‘p funksiyali ilmiy-ma’rifiy va madaniy makon sifatidagi maqomini belgilaydi.
Smithsonian Magazine majmua arxitekturasiga ham alohida e’tibor qaratadi. Unda Temuriylar davriga xos an’anaviy Markaziy Osiyo uslubi va zamonaviy arxitektura yechimlari uyg‘unlashgan. Balandligi 65 metrga teng bo‘lgan ko‘k gumbaz islom sivilizatsiyasining ilmiy-ma’naviy merosi ulug‘vorligi va chuqur ramziy ma’nosini ifoda etadi.
Smithsonian Magazine tomonidan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining dunyoda eng kutilgan muzeylar ro‘yxatiga kiritilishi mamlakatning jahon merosiga qo‘shgan ilmiy, ma’naviy va madaniy hissasining muhim xalqaro e’tirofi, shuningdek, O‘zbekistonning global madaniy makondagi nufuzi tobora oshib borayotganining tasdig‘i sifatida baholanmoqda.