Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev OIIB Boshqaruvchilar kengashi to‘qqizinchi yig‘ilishi doirasida Hindiston Respublikasi moliya va korporativ ishlar vaziri Nirmala Sitxaraman boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Muloqot davomida O‘zbekiston – Hindiston strategik sheriklik munosabatini yanada mustahkamlash hamda oliy darajadagi kelishuvlarga muvofiq, ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Shu yil noyabrda Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini puxta tayyorgarlik ko‘rgan holda o‘tkazish hamda mazkur tadbir doirasida Sanoat kooperatsiyasi dasturini qabul qilish muhimligi qayd etildi.
Hindistonning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Smita Pant uchrashuv tafsiloti, birgalikda amalga oshirilayotgan loyihalar xususida shunday dedi:
– Hindiston moliya va korporativ ishlar vaziri bilan birga hurmatli Prezident bilan juda samarali uchrashuv o‘tkazdik. Muzokara turli sohalarga daxldor, har ikki tomon uchun manfaatli masalalarni qamrab oldi. Jumladan, energetika, neft-kimyo, raqamlashtirish, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika sohalarida loyihalar amalga oshirish, transport yo‘laklarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya, sun’iy intellekt, yoshlarni birlashtirish yo‘llari, o‘zaro integratsiya, investitsiyaviy hamkorlik xalqlarimiz o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatli.
Ta’kidlashni istardimki, Hindistonning juda katta biznes delegatsiyasi mamlakatingizda bo‘ldi. 27 sentyabr kuni tashkil etilgan biznes forum va ikki tomonlama savdo ko‘lamini kengaytirish maqsadida imzolangan ko‘plab investitsiya bitimlari raqam-ko‘rsatkichlarni keskin oshirishga xizmat qiladi. Bu sarmoyaviy hamkorlikni rivojlantirishda juda muhim hisoblanadi.
Umuman, uchrashuv samarali kechdi. Masalan, Prezident sheriklikni yanada kengaytirishga qaratilgan qo‘shma “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqish taklifini bildirdi. Strategik sherikligimizni yanada rivojlantirish, ya’ni savdo, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Ikkala tomon ham o‘zaro tajriba almashgan holda, hamkorlikni yanada jadallashtirish maqsadga muvofiqligi yuzasidan yakdil qarorga keldi.
Behruz Xudoyberdiyev,
O‘zA