Exploding Topics tomonidan e’lon qilingan hisobotga ko‘ra, 2024-yilda dunyo aholisi smartfonlardan foydalanishga o‘rtacha kuniga 4 soat 37 daqiqa vaqt sarflagan. Bu raqam haftasiga 1 kundan ortiq, oyiga qariyb 6 kun, yiliga esa qariyb 70 kunni faqat telefon ekraniga qarab o‘tkazish deganidir.
Yaponiyada rekord darajadagi past ko‘rsatkich qayd etilgan. Bu mamlakat aholisi kuniga o‘rtacha atigi 1 soat 47 daqiqa vaqtini smartfonlarga sarflagan bo‘lib, dunyo bo‘yicha eng yaxshi natija sifatida qayd etilgan. Gana aholisi telefon ekraniga eng ko‘p tikiladigan xalq sifatida birinchi o‘rinda turibdi. Ganaliklar kuniga 5 soat 43 daqiqa vaqtini mobil qurilmalarga ajratadi.
Hisobotda odamlarning smartfonni qo‘lga olish odati ham tahlil qilingan. O‘rtacha foydalanuvchi telefonini kuniga 58 marta tekshiradi, shundan qariyb 52 foizi ish vaqtida sodir bo‘ladi. Qiziqarli tomoni shundaki, barcha ekran sessiyalarining yarmi oldingi foydalanishdan atigi 3 daqiqa o‘tmasdan boshlanadi. Har safar telefon qo‘lga olinganda esa odamlar o‘rtacha 1 daqiqa 15 soniya vaqt sarflaydi.
Z-avlod vakillari orasida telefonlarga qaramlik yanada yaqqol ko‘rinmoqda. Hisobotda keltirilishicha, ushbu avlodning 4 dan 3 nafari o‘z vaqtini smartfonda ortiqcha sarflayotganini tan olgan.
Reytingga dunyoning turli mintaqalaridan jami 53 ta davlat kiritilgan. Ulardan Janubiy Amerikadagi 4 davlat va Janubi-Sharqiy Osiyodagi 3 mamlakat eng ko‘p vaqt sarflovchilar o‘ntaligiga kirgan. Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston bu ro‘yxatda keltirilmagan.
Hisobot natijalari shuni ko‘rsatadiki, smartfonlardan foydalanish odatlari mamlakatdan mamlakatga keskin farq qiladi. Yaponiyada aholining intizomli va me’yorida foydalanishi misol bo‘lsa, boshqa ko‘plab davlatlarda telefon inson hayotining eng katta “vaqt yutqazuvchi” omiliga aylangan.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/IuvvVphjj9U" title="Smartfonlardan foydalanish bo‘yicha global reytingi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA