Bugungi kunda bolalar juda erta yoshdan boshlab smartfonlardan foydalanadi. Ammo yangi ilmiy tadqiqot bunday erta raqamli odatlarning salbiy oqibatlari borligini ko‘rsatmoqda. Amerikalik olimlar 21 ta ilmiy ish asosida 10 588 nafar ishtirokchi ma’lumotlarini tahlil qilib, smartfondan foydalanish yoshi bilan erta o‘smirlik davridagi ruhiy va jismoniy muammolar o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rgandi. Tadqiqot natijalari Pediatrics jurnalida e’lon qilindi.
Tahlil shuni ko‘rsatdiki, smartfondan foydalana boshlagan 12 yoshli o‘smirlarda depressiya rivojlanish xavfi ushbu gadjetdan foydalanmaydigan tengdoshlariga nisbatan 30% yuqori. Shuningdek, ularda semirish ehtimoli 40%, yetarli uyqu olmaslik xavfi esa 60% ko‘proq ekani aniqlandi.
Tadqiqot smartfonning o‘zi bu muammolarning bevosita sababi ekanini to‘liq isbotlay olmaydi. Biroq avvalgi ilmiy ishlar shuni ko‘rsatadiki, smartfon bilan ko‘p vaqt o‘tkazadigan o‘smirlarda jismoniy faollik kamayadi, shaxsiy muloqotga ajratiladigan vaqt qisqaradi va uyqu sifati yomonlashadi — bularning barchasi sog‘liq uchun xavf omillari hisoblanadi.
Qolaversa, olimlar smartfondan foydalanish “muammoli” darajada bo‘lmagan holatlarda ham salbiy ta’sirlar kuzatilayotganini aytmoqda. Gadjetga ega bo‘lish erta yoshda boshlangan sari, 12 yoshga kelib semizlik va uyqusizlikka chalinish ehtimoli shunchalik ortadi.
Shunga qaramay, tadqiqotchilar bolalarga smartfonni to‘liq taqiqlash kerak emasligini ta’kidlaydi. Aksincha, telefon berish yoshi, qaysi turdagi qurilmalar mosligi va foydalanish qoidalari bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqishga yordam beradigan qo‘shimcha tadqiqotlar zarur.
Ularning fikricha, smartfon egaligi ustidan oqilona nazorat o‘rnatish orqali bolalarning sog‘ligiga zarar yetkazmaydigan muvozanatli raqamli muhit yaratish mumkin.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/neVMY6h35po?si=xt1CvBZe_nva1tmF" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Madinabonu Nasriyeva, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA