Slalomda eshkak eshuvchilarimiz Pattaya turnirlarida qatnashmoqda
Tailandning Pattaya shahrida slalomda eshkak eshish bo‘yicha ikki nufuzli musobaqa — "ICF World Ranking" xalqaro turniri va U18 va U23 yosh toifalaridagi Osiyo chempionati tashkil etilmoqda.
Mazkur musobaqalarda terma jamoamizning 6 nafar sportchisi klassik slalom, yakkalik va jamoaviy bahslarda — kanoe va baydarka slalomi, shuningdek, kayak-kross yo‘nalishlarida medallar uchun kurash olib boradi.

Quvonarlisi, 4-mart kuniga qadar davom etadigan "ICF World Ranking" turniri doirasida kayak-kross yo‘nalishi bo‘yicha o‘tgan bahslarda hamyurtimiz Samandar Saydullayev 38,71 natija qayd etib, U23 yosh toifasida oltin, kattalar o‘rtasida esa kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Shu tariqa, terma jamoamiz xalqaro startni muvaffaqiyatli boshladi va 5-8-mart kunlari bo‘lib o‘tadigan qit’a birinchiligi oldidan o‘z imkoniyatlarini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA