Poytaxtimizda slalomda eshkak eshish bo‘yicha o‘tkazilgan U23 yosh toifasidagi O‘zbekiston kubogida mamlakatimizning turli hududidan kelgan 200 nafarga yaqin sportchi ishtirok etdi.
Kubok bahslarining K-1 yo‘nalishida Samandar Saidullayev va Olesya Gudkova barcha raqiblarini orta qoldirib, marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. S-1 bo‘yicha o‘tgan bahslarda Sherzod Qurbonaliyev erkaklar orasida, Sabina Ashirmatova ayollar o‘rtasida birinchi o‘rindan joy oldi. Ekstrim slalom (erkaklar) bahslarida MX1 toifasida Samandar Saidullayev, WX1 tasnifida Sevara Bahritdinova shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi.

K1Mx3 poygalarida Muhammadnozim Ne’matillayev, Amirbek Bahritdinov, Otabek Karimjanovdan iborat jamoa marra chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tdi. Ushbu yo‘nalishning ayollar bahsida Olesya Gudkova, Sabina Ashirmatova va Sevara Bahritdinova kabi sportchilar jamoasi oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Kanoe bellashuvlarida erkaklar o‘rtasida Sherzod Qurbonaliyev, Ibrohim Nosirjonov, Asilbek Ernazarov, ayollar bahsida Sabina Ashirmatova, Viktoriya Yugay, Asal Kamilovadan tashkil topgan jamoalar g‘olib bo‘ldi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA