Birlashgan Arab Amirliklarining Al-Ayn shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini yakuniga yetkazgan slalomda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zolari navbatdagi nufuzli musobaqalar sari yo‘l olishdi.
Sportchilarimiz shu yilning 2-8-mart kunlari o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati (“U-23”) hamda “ICF World Ranking” musobaqalarida ishtirok etish uchun Tailandning Pattaya-Rayong shahriga uchib ketdi. Terma jamoamiz safida asosiy o‘yinchilardan sanalgan Namangan viloyat suv sportiga ixtisoslashtirilgan sport maktabi tarbiyalanuvchilari – Samandar Sa’dullayev, Mustafo Matiboyev va Ibrohim Nosirjonov ham ushbu nufuzli musobaqada Vatanimiz sha’nini himoya qilishadi.

Qit’amiz miqyosida alohida o‘rin tutadigan mazkur nufuzli musobaqalar yosh slalomchilarimiz uchun katta tajriba maktabini o‘tashi bilan bir qatorda, xalqaro reyting ochkolarini qo‘lga kiritish imkoniyatini ham taqdim etadi. Darvoqe, milliy terma jamoa a’zolarining sport anjomlari yangilandi. Endi ular nufuzli musobaqalarda yangi qayiqlarda ishtirok etib, yuqori natijalar uchun kurash olib boradi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA