- Men bir necha yil Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi bo‘lib ishladim. Ammo so‘nggi yillarda, aniqrog‘i Prezident Mirziyoyev davridagi islohotlar, dunyoga ochiqlik siyosati, iqtisodning liberallashuvi tufayli O‘zbekiston Markaziy Osiyoning haqiqiy yetakchisiga aylandi,-deydi sobiq elchi Skand Ranjan Tayal janoblari.
- Men O‘zbekistonning 2030-yilgacha strategiyasi bilan tanishar ekanman, endi bu mamlakatni dunyo hamjamiyatida eng tez rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kiritgan bo‘lardim,-deydi Javoharlal Neru universiteti professori, Markaziy Osiyo bo‘yicha yirik ekspert Sanjay Kumar Pandey. – Bugun O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati jurnalistlari bilan bo‘layotgan uchrashuvimiz ham mamlakatda, hatto ommaviy axborot vositalari borasidagi ijobiy o‘zgarishlar, masalan, so‘z va matbuot erkinligi qaror topganini ko‘rsatadi.
Ha, ijodiy safarda bo‘lib turgan Farg‘ona jurnalistlari delegatsiyasi a’zolari O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasida qabul qilindi. Ular elchixona tashkil etgan O‘zbekistonning 2030-yilgacha strategik dasturi taqdimotida ishtirok etdilar.
O‘zbekistonning Hindistondagi Muvaqqat ishlar vakili Aziz Baratov davlat rahbari, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan davom ettirilayotgan islohotlar va ularning samarali natijalari haqida gapirib berdi.
So‘zga chiqqan Hindiston siyosatchilari, eng yirik ommaviy axborot vositalari rahbar va vakillari O‘zbekiston o‘ziga xos, ammo g‘oyat samarali siyosiy yo‘l tanlaganini e’tirof etdilar.
Qabul va taqdimot chog‘ida O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Farg‘ona viloyati bo‘limi vakillari, O‘zbekiston Senati a’zosi, “Zarafshon” gazetasi bosh muharriri Farmon Toshev so‘zga chiqib, ommaviy axborot vositalarining jamiyat rivojiga ta’siri mavzuida fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Uchrashuvda Hindiston yetakchi ommaviy axborot vositaldari xodimlari, ular orasida “Press Trust of India”, “United news of India”, “Asian news international” axborot agentliklari, WION, SANARA telekanallari, “The economic times”, “Pioneer, “Tne financial express”, “The new Indion express”, “Tne tribune”, “Asian ade” gazetalari, boshqa ommabop bosma va internet nashrlari vakillari ishtirok etdilar hamda farg‘onalik jurnalistlar bilan o‘zaro axborot almashuv, boshqa sohalarda hamkorlik masalalarini muhokama qilishdi.
-Men hind bolalariga o‘zbek tilidan dars beraman. Hindiston katta mamlakat va uning fuqarolari O‘zbekistonni yaxshi bilishi lozim,-deydi qabul ishtirokchisi, professor Shahid Taslim.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/ifCoHYXNcnk" title="Skand Ranjan Tayal: O‘zbekiston Prezidenti tanlagan yo‘l tufayli Markaziy Osiyo yetakchisiga aylandi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
Farg‘onalik jurnalistlarning Hindistonga ijodiy safari davom etmoqda.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov (video), O‘zA