Hozir Chinoz tumani “Ehtirom” mahalla fuqarolar yig‘inida 2 ming 888 nafar aholi istiqomat qiladi. Hududda 665 ta oila va 535 ta xonadon mavjud bo‘lib, ulardan 54 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olingan.
Aholining farovonligini ta’minlash, ijtimoiy muammolarni joyida aniqlab, individual yondashuv asosida hal etish maqsadida mahallada kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatish tizimi joriy etilgan. Bu tizim orqali ehtiyojmand oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish, ularning turmush sharoitini yaxshilashga doimiy e’tibor qaratilmoqda.
Yil boshidan buyon mahallada 250 dan ortiq murojaat qabul qilingan bo‘lib, ularning 80 foizdan ortig‘i ijobiy hal etilgan. Bu esa joriy etilgan tizimning amaliy natijadorligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash yo‘nalishida sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, mahallada faoliyat yuritayotgan kompleks ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi xodim Sanobar Rahmonovaning sa’y-harakatlari bilan birgina 2-guruh nogironligi bo‘lgan Abduhakim Mambetovning bandligi ta’minlanib, protez qo‘l olib berildi. Shuningdek, farzandi uchun bolalar nafaqasi tayinlanishida, gaz va elektr energiyasi uchun kompensatsiya to‘lovlari ajratilishida ham amaliy yordam ko‘rsatildi.
– Yaqinda protez qo‘l taqdim etildi. Bu esa meni kundalik hayotimda chinakam ijobiy burilish bo‘ldi. Endi o‘zimni jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his qilyapman. Bugun hayotimda yangi sahifa ochildi. Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, jamiyatga foydasi tegadigan inson bo‘lishga intilyapman, — deydi Abduhakim Mambetov.

Ijtimoiy xodim tomonidan mahallada yashovchi Shoira Jumaboyevaning ham oilaviy sharoiti chuqur o‘rgandi. Har bir masala e’tibordan chetda qolmadi. Jumladan, farzandi bepul to‘garakka jalb etildi, o‘zi esa tikuvchilik bo‘yicha bepul o‘quv kursiga yo‘naltirildi. Shuningdek, gaz va elektr energiyasi uchun kompensatsiya to‘lovlarini olishida ham zaruriy yordam ko‘rsatildi.
Bu kabi manzilli muloqotlar va real amaliy yordamlar orqali mahallada ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning muammolari tizimli hal etilmoqda. Eng muhimi, ehtiyojmandlar o‘zlarini jamiyatdan chetda emas, balki uning to‘laqonli bir qismi sifatida his etmoqda.
A.Musayev, O‘zA.