Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Siz o‘qishga qabul qilindingiz” degan xabarni o‘qiganimda barcha qiyinchiliklar unutiladi
17:40 / 2023-07-14

Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlariga sanoqli kunlar qoldi. Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yil 13 iyul 18:00 holatida 2023-2024-o‘quv yili uchun oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni — 504 ming 647 nafarni tashkil etmoqda.

Bu yilgi qabul jarayonlari, imtihonlarga tayyorgarlik xususida abituriyentlarning fikrlari bilan qiziqdik.    

Sultonbek Kucharov, Toshkent shahri:  

– Joriy yil umumta’lim maktabini tugatib, jurnalistika sohasiga qiziqishim sababli O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetiga hujjat topshirdim. Jurnalistika alohida iqtidor talab etadigan soha bo‘lgani bois, tanlagan yo‘nalishim, ya’ni internet jurnalistikasi bo‘yicha ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Shu sababli ijodiy-kasbiy imtihon topshirayotgan abituriyentlar faqat bir yo‘nalish tanlash imkoniyatiga ega.  

Hujjat topshirish jarayonida qiyinchilikka duch kelmadim. Boisi rasmiy saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan video qo‘llanma tayyorlanib, aniq tushuntirilgan.  

Albatta, hal qiluvchi vaziyatlar hissiyotlar bilan to‘la bo‘ladi. Bu tabiiy hol. Imtihon jarayonida hayajonlanmasdan, to‘g‘ri javob berish uchun, o‘ziga bo‘lgan ishonch, puxta tayyorgarlik talab etiladi. Ota-onam ishonchi, maqsadim yo‘lidagi intilish matonat bilan imtihon jarayonlariga qatnashishga va munosib natija ko‘rsatishga imkon beradi.  

E’zoza Tohirova, Qashqadaryo viloyati:  

– Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun imtihon jarayoni har bir yosh hayotida muhim palla. Chunki siz katta hayotga yana bir qadam tashlaysiz va bu kelgusidagi hayotingizni belgilab beradi. Men beshta oliy ta’lim muassasasiga hujjat topshirdim. Onam pedagogika sohasida ko‘p yillar ishlagani uchun shu sohaga qiziqishim uyg‘ondi va kelajakda shu yo‘nalishda kasbimning yetuk mutaxassisi bo‘lishimga ishonaman.  

Oliy ta’lim muassasalarida o‘qish nafaqat mening, balki ota-onam hamda yaqinlarimning orzusi hisoblanadi. Shuning uchun ham ota-onam yoshligimdan chuqur bilim olishga o‘rgatdi va undadi. Aminmanki, men topshirgan oliy o‘quv yurtlarida raqobat ancha kuchli bo‘ladi. Buni boshidan o‘tkazgan abituriyentlar juda yaxshi bilishadi. O‘qishga kirish har bir abituriyentning maqsadi desam adashmayman. “Siz o‘qishga qabul qilindingiz” degan xabarni o‘qiganimda barcha qiyinchiliklar unutiladi.  

Nasiba Elibekova, O‘zA