Jamiyatda turli hodisalar orqali jarohat olganlar, shuningdek, gematologik, onkologik kasalliklar bilan kurashadigan insonlar uchun qon, uning tarkibiy qismlari hamda undan tayyorlanadigan doriyu preparatlar o‘ta muhim. Donorlar beg‘araz yordam ko‘rsatuvchi ezgu niyatli insonlardir. Chunki ular qonga muhtoj, minglab odamlarning hayotini saqlab qoladi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, aholini qon komponentlari bilan ta’minlash uchun aholining har 1000 kishidan 10 nafari yoki bir foizi qon topshirishi kerak.
Olti yildirki, “Adolat” partiyasi tashabbusi bilan 8 dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun arafasida “Bor mehrimiz senga, bolajon” shiori ostida beg‘araz donorlik aksiyasi tashkil etib kelinadi.
Aksiya joriy yilning 1 dekabr kuni soat 9:00 dan – 16:00 gacha Respublika qon qo‘yish markazi hamda uning hududiy bo‘limlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Aksiya bemor insonlarga qon quyish uchun xavfsiz qonning muhimligi, donorlarning jamiyat uchun zarurligi, qolaversa, ko‘ngilli donorlarning insoniyat oldidagi xizmatlarini rag‘batlantirib borishni ham qamrab oladi.

O‘tgan yillar davomida mazkur aksiyada ko‘plab vatandoshlar ishtirok etgan. Ular orasida davlat, jamoat arboblari, turli vazirlik, muassasa, hamda tashkilotlar mas’ul xodimlari, Oliy Majlis Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlardagi deputatlar, xalq ardog‘idagi yozuvchi, shoir, san’atkorlar bilan birgalikda partiya xodimlari ham bor.
Belgilangan tartibga ko‘ra, qon topshiradigan, shuningdek, tibbiy ko‘rikdan o‘tadigan kunlar uchun donor, o‘rtacha ish haqi saqlangan holda, ishdan ozod qilinadi. Donorning sog‘lig‘i saqlanishi tibbiyot xodimlari tomonidan kafolatlanadi hamda sog‘lig‘iga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanadi.
Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, davlat rahbarining 2022 yil 9 avgustdagi “Respublika qon bilan ishlash xizmati muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish va aholi orasida beg‘araz donorlik harakatini rivojlantirish choralari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan dastur asosida qon quyish stansiyalari faoliyati takomillashtirilmoqda, zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar bilan ta’minlanmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA