Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?
14:59 / 2026-02-20

Navoiy shahrida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, Bosh prokuratura, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Unda tanlovning tuman va shahar bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan umumta’lim maktablari jamoalari ishtirok etdi. 

Har bir jamoadan 8 nafar ishtirokchi qatnashgan tanlov 4 shart asosida o‘tkazildi. 

 “Bu bizning hudud” shartida ishtirokchi jamoalar o‘z hududlarining ekologik holati, ekomadaniyati, hudud ekologiyasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot bergan bo‘lsa, “Intellektual ring” shartida esa 3 daqiqa ichida ekologik, ijtimoiy, siyosiy-huquqiy yo‘nalishlardagi 10 ta savolga javob berdi.

 “Ekologiya uchun barchamiz mas’ulmiz!” hamda “Eng yaxshi ekologik loyiha” mavzularida yoshlar orasida tashkil etilgan tadbirlarda ishtirokchilar atrof-muhitni asrab-avaylashga qaratilgan loyihalarini taqdim etishdi. Ular loyihalarining mazmun-mohiyati, sohani rivojlantirish yo‘nalishlari, yosh ekologlar sonini ko‘paytirish imkoniyatlari, ekologiya yo‘nalishidagi investitsiyalarni jalb etish, shuningdek, ekologiya salohiyatini kengaytirish bo‘yicha o‘z taklif va tashabbuslarini namoyish etdi.

Yakunda Karmana tumanidagi 21-maktabning “Ona zamin” jamoasi 1-o‘rinni egalladi. Ular 2026-yil 12-14-mart kunlari Buxoro viloyatida bo‘lib o‘tadigan yakuniy bosqichda ishtirok etadi.

G‘olib va sovrindor jamoalarga viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasining diplom hamda qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

A. Bo‘riyev, O‘zA muxbiri