Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?”
15:44 / 2026-02-17

Buxoroda yoshlar orasida ekologik bilim va huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida tashkil etilgan “Siz ekologiyaga oid qonunlarni bilasizmi?” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda tuman va shahar bosqichlarida g‘olib bo‘lgan jamoalar ishtirok etdi va ekologiya sohasidagi bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.

–Ushbu tanlov yoshlarning ekologiyaga oid huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda huquqiy tarbiyaga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillarga nisbatan huquqiy immunitetni shakllantirish maqsadida tashkil etildi, – deydi viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Firdavs Hidoyatov.

Tanlov to‘rt bosqichda tashkil etildi. Maktab bosqichi  yanvar oyida o‘tkazildi. Tuman va shahar bosqichi  fevral oyida bo‘lib o‘tdi. Hududiy bosqich  fevral oyi davomida amalga oshirildi. Respublika bosqichi  mart oyida respublika miqyosida o‘tkaziladi.

Tanlov to‘rt asosiy shart bo‘yicha baholandi. “Bu bizning hudud” shartida ishtirokchi jamoalar o‘z hududlarining ekologik holati, ekomadaniyati va hudud ekologiyasini yaxshilashga qaratilgan ishlari bilan tanishtirildi. Shuningdek, yoshlarning tabiatga munosabati, ekologik faollik va ijtimoiy loyihalar ham ochib berildi. “Intellektual ring” shartida jamoa a’zolari 3 daqiqa davomida ekologik, ijtimoiy hamda siyosiy-huquqiy yo‘nalishlardagi 10 ta savolga javob berdi. Bu bosqichda bilim, tez fikrlash va jamoaviy hamkorlik qobiliyati sinovdan o‘tkazildi. “Ekologiya uchun barchamiz mas’ulmiz!” shartida ishtirokchilar respublikamiz ekologiyasini asrash, yoshlar orasida ekomadaniyatni targ‘ib etishga qaratilgan sahna ko‘rinishlari namoyish etdi. Bu jarayonda plogging aksiyalari, daraxt ekish va parvarish qilish, iqlim o‘zgarishlari va suv muammolari kabi dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratildi. “Eng yaxshi ekologik loyiha” shartida jamoalar ekologik salohiyatni oshirish, yosh ekologlar safini kengaytirish va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha innovatsion taklif va loyihalarini taqdim etdi. Bu bosqichda ijodiy yondashuv va amaliy samara ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Tadbirda viloyat prokuraturasi, viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi, viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda Ekologik partiyasi vakillaridan iborat hakamlar hay’ati ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalarini xolisona baholab bordi.

Hakamlar hayotining qaroriga ko‘ra. maktablar o‘rtasida 1-o‘rin  Buxoro shahar 35- umumta’lim maktabi, 2-o‘rin  Romitan tumani 34- umumta’lim maktabi, 3-o‘rin  G‘ijduvon tumani 24- umumta’lim maktabi jamoalariga berildi.  

Shu bilan birga, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi tizimidagi ta’lim muassasalari o‘rtasida ham qizg‘in bahs olib borildi.

Natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Buxoro shahar Buxoro ilg‘or mahorat texnikumi, 2-o‘rinni Romitan tumani 1- texnikumi, 3-o‘rinni Olot tumani texnikumi yoshlaridan iborat jamoalar qo‘lga kiritdi.  

Barcha g‘oliblar viloyat ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi hamda viloyat prokuraturasi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi. Ushbu tadbir yoshlar orasida ekologik ongni oshirish, tabiatni muhofaza qilish va ekologik loyihalarni rivojlantirishda muhim qadam sifatida baholandi.

Tanlovning katta ahamiyati shundaki, u yoshlarning ekologiyaga bo‘lgan munosabatini kuchaytirish, ijtimoiy faollikni rag‘batlantirish va amalda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Zarif Komilov,  

O‘zA muxbiri