Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Siyosiy sharhlovchilar va tahlilchilarni tayyorlash institutini shakllantirish masalalari xususida
18:30 / 2022-10-14

Bugun O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatning ajralmas bir qismiga, jahon siyosatining tom ma’nodagi faol ishtirokchisiga aylandi. Qolaversa, matbuot va ommaviy axborot vositalari rivoji, yer yuzining turli nuqtalarida kechayotgan jarayon, voqea-hodisalar, ular xususidagi axborot va ma’lumotlar barchaning e’tiborini tortayotgani bor haqiqat. Biroq, afsuski, yadro poligonlaridan ko‘ra, mafkura poligonlari kengayib, hududi, qamrovi va g‘oyaviy hujumlari kuchi jihatidan tobora xatarli tus olayotgan paytda ommani to‘g‘ri va xolis axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirish har bir jamiyat, mamlakat oldidagi dolzarb masalaga aylangan.

Shu ma’noda o‘zbek auditoriyasiga dunyoning qaysi bir burchagi, mamlakatida bo‘lmasin, voqeliklarni to‘g‘ri hamda xolisona talqin etish va yetkazish shu kunning muhim vazifasi hisoblanadi. Yana bir muhim jihat – O‘zbekistonning tashqi siyosatidir. Bu boradagi faol siyosiy va iqtisodiy jarayonlar, ularga nisbatan O‘zbekistonning tutgan pozitsiyasi haqida keng ommani xabardor etish hamda davlatning jahon siyosiy sahnasida obro‘ va mavqei oshib, o‘z ovozi va o‘rni yanada mustahkamlanib borayotgani bilan bog‘liq pozitiv holatlarni keng omma ongu shuuriga singdirib borish har jihatdan zarur va shart.

Tahlilchilarning fikricha, OAV faqat axborot tarqatuvchi vosita bo‘lmay, u yoki bu davlatlar, ma’lum guruhlar, o‘z manfaatlarini turli yo‘llar bilan himoya qiladigan, o‘z qarashlari, turmush tarzini o‘zgalarga singdirishga urinayotgan doiralar qo‘lidagi ishonchli mafkura quroliga allaqachon aylanib ulgurgan.

Axborot iste’molchisi esa hamisha o‘zini qiziqtiradigan xabarlarnigina qabul qiladi. Uni izlash, topish va foydalanish uchun istagancha vaqt topadi, axborotdan birinchilardan bo‘lib xabardor bo‘lishga intiladi. Bu, o‘z navbatida, jurnalist uzatayotgan axborotning aniq va to‘laqonli bo‘lishi kerakligini taqozo etadi. Zotan, siyosiy sharhlovchi o‘z mamlakati va xorijdagi barcha siyosiy va jamoat arboblarini, siyosiy kuchlar muvozanatini yaxshi bilishi shart.

Shu ma’noda globallashuv hamda zamonaviy taraqqiyot jurnalistik ta’limda ikki asosiy jabhani: universallik va uning aksi bo‘lgan ixtisoslashuvga intilish tendensiyasini yuzaga keltirishi ayni haqiqat.

Ma’lumki, jurnalistikada ixtisoslashuv eng murakkab va dolzarb masalalar sirasiga kiradi. Sababi, ixtisoslashuvni keskin chegaralash va farqlash qiyin masala. Chunki ilmiy adabiyotlarda jurnalistikaning o‘ziga turlicha ta’rif beriladi. Xususan, jurnalistika o‘z tarkibida muharrirlik, noshirlik, publitsistlik, yozuvchilik, tashkilotchilik, tahririyat kotibligi, ba’zida esa harf teruvchilik kabi kasblarni mujassam etgan murakkab institutdir.

Britaniyalik media-sotsiolog Jeremi Tunstall jurnalistikani «kasblar chorrahasidagi kasb» deb ta’riflaydi va u «jurnalist» so‘zini «turli xil faoliyat yo‘nalishlari bilan shug‘ullanuvchi kishilar» deb izohlaydi.

Darhaqiqat, jurnalistik ko‘p qirrali va ko‘p funksiyali kasb, jurnalist bir paytning o‘zida ham siyosatshunos, ham psixolog, ham tarixchi, ham shifokor, ham fermerdir. Shu ma’noda «Odamlar o‘z muammolari, tashvishlarini o‘rtoqlashadigan kasb egasi ham aynan jurnalistlardir».

Shu bois dunyoda kechayotgan har qanday axborotga o‘z vaqtida munosabat bildirish, ularning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqida ma’lumotlar berib borish milliy ommaviy axborot vositalari, xususan, xalqaro sharhlovchilar oldida turgan muhim vazifalardan biridir.

Ayni vaqtda ta’kidlash kerakki, jurnalist siyosiy masalalarda bahsga kirishsa-da, u siyosatchi sifatida tan olinmaydi. Sababi, siyosiy sharhlovchilarning tarixchilar va siyosatchilardan farqlab turuvchi holatlar va nozik chegara mavjud. Ular o‘rtasidagi tafovutni xorijlik taniqli olim Jarko Petan quyidagi fikri orqali izohlaydi: «yorug‘ kelajak haqida siyosatchilar, shonli o‘tmish xususida tarixchilar, bugunning yorqinligi to‘g‘risida esa jurnalistlar qayg‘uradilar”. Bu ham jurnalistika bugungi kun nafasi bilan yashashini nazarda tutadi.

Biroq paradoks shuki, jurnalistika yangilanishlar markazida turadigan soha ekanini inobatga olsak, siyosiy yangiliklarni yoritadigan, siyosiy sharhlar yozadigan jurnalistlarning siyosiy bilimlari ham siyosatchilarnikidan kam bo‘lmasligini taqozo etadi. Sababi, bo‘layotgan voqea-hodisalarni tushuntirib, berish, uning asl sabablari, tarixi va yashirin mohiyatini talqin etish chinakam zahmat va fidoyilikni hamda siyosiy qarashlarni va qonuniyatlarni mukammal o‘rganishni va iste’foda etishni talab qiladi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda jurnalistlar va siyosatchilar yetishtirib beradigan oliy ta’lim muassasalari ko‘p bo‘lsa-da, ikki kasbning omixtasi bo‘lgan siyosiy sharhlovchilarni tayyorlash masalasi eng og‘riqli holatlardan biridir. Sababi, soniya sayin o‘zgarayotgan dunyoning siyosiy tendensiyalarni tushuntirib berish, tahlil qilib berish nafaqat oddiy fuqarolar, balki jurnalistlar va siyosatchilarning o‘zlari uchun ham eng kerakli, dolzarb masaladir.

Jurnalistika adabiyotlarida sharhga o‘quv darsliklarida – tahliliy publitsistikaning doimiy va an’anaviy janri deb ta’rif berilgan. Uning bosh maqsadi – ijtimoiy-siyosiy voqealarni yoritish, ayrim hollarda kishilarni yashirin bo‘lgan bo‘lgan voqea-hodisalarning o‘zaro bog‘liqligini ochib berish, ularning voqea rivojiga ta’sirini tushuntirishdan iborat.

Sharhning lug‘aviy ma’nosiga kelsak, u arabcha so‘z bo‘lib, izohlash, tushuntirish degan ma’nolarni anglatadi. Sharh OAVda ijtimoiy siyosiy, madaniy-ma’rifiy voqea-hodisalarning, hujjat va boshqa shu kabi muhim narsalarning mohiyati hamda ahamiyatini ommaga tushuntirib berish, bayon qilib berish ko‘zda tutilgan material turidir. «Sharhda faktlarni tahlil qilish, taqqoslash, fikrni dalillashning turli vositalarini qo‘llash, umumlashtirish, xulosa yasash kabi usullaridan keng foydalanish mumkin”. Bir so‘z bilan aytganda, sharhda munosabat bildiriladi va munosabat shakllantiriladi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida va boshqa oliy ta’lim muassasalarida jurnalist kadrlar tayyorlanayotgan bo‘lsa-da, yo‘nalishlar bo‘yicha parlament jurnalistikasi, sport jurnalistikasi, harbiy jurnalistika sohasida bilim va ko‘nikmalar berish bilan cheklanib, siyosiy sharhlovchilar tayyorlash masalasi e’tibor markazidan biroz chetlashgandek taassurot uyg‘otadi.

Buni OAVda siyosiy sharh va tahlillar juda kam ko‘zga tashlanayotganidan ham bilish mumkin. Xususan, OAVni kuzatadigan bo‘lsak, bugun rivojlangan mamlakatlardagi voqealar, dunyoning «olovli nuqtalari», Afg‘oniston, Rossiya- Ukraina konflikti, Markaziy Osiyo davlatlaridagi chegara muammolari va ularni bartaraf etish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida yetuk siyosiy sharhlar va tahlillar hamda ularni yozishga bo‘lgan jur’at va tashabbuskorlik deyarli ko‘zga tashlanmaydi.

O‘rni kelganda, xalqaro jurnalistika bilan siyosiy sharhlovchilik o‘rtasida katta farq borligini eslatib o‘tish lozim. Siyosiy sharhlovchilik instituti o‘tgan asrning 50 yillarida AQSHda, keyinroq esa Yevropa va boshqa davlatlardada paydo bo‘lgan.

Masalan, sobiq ittifoqning mashhur siyosiy sharhlovchilari ko‘plab materiallarni bevosita Kremldan olib turgani hech kimga sir emas. Jumladan, Aleksandr Bovin, Genrix Borovik, Yuriy Jukov, Vladimir Dunayev, Valentin Zorin, Tomas Kolesnichenko, Eduard Mnatsakanov, Anatoliy Ovsyannikov, Vsevolod Ovchinnikov, Vladimir Svetov, Igor Fesunenko, Yuriy Vыbornovlar. O‘zbekistonlik siyosiy sharhlovchilari orasida esa Nasriddin Muhammadiyev, Shavkat Yahyoyev, Tursun Qoratoyev, Lola Hotamova, Muqimjon Qirg‘izboyev, Ibrohim Normatov, Qobilbek Karimbekov, Ahmadjon Meliboyevlar xalqimizning hurmatiga sozovar bo‘lgan edi.

bugungi kunda dunyo mamlakatlarida siyosiy sharhlovchilar yetishmasligi sababli ularning o‘rnini ekspertlar, tahlilchilar egallayotgandek ko‘rinmoqda. Xususan, Rossiya telekanallarida ham siyosiy sharhlovchilarga emas, balki siyosatchi, tarixchi olimlar, tahlilchi va ekspertlarga katta o‘rin berilmoqda.

Mutaxassis jurnalistlar ta’kidlaganidek, «Xalqaro panorama» ko‘rsatuvi bajargan vazifalar endilikda «Odnako» (ORT), «Replika» («Rossiya») ko‘rsatuvlariga yuklatilib, bu ko‘rsatuvlar orqali xalqaro maydonda bo‘layotgan voqea-hodisalarga munosabat bildirilmoqda. «NTVshniki» (NTV), «Aksentы», «Slovo za slovo» («Mir»), Aleksey Pushkovning «Postskriptum»i kabi tok-shoular ham tom ma’noda siyosiy sharhlovchilar bajarishi kerak bo‘lgan vazifalarni bajarmoqda.

O‘zbekistonda siyosiy sharhlovchilik institutining oyoqqa turishida radio va televideniyening xizmati katta bo‘lgan. Bu borada maktab yaratilgan, desak, adashmagan bo‘lamiz.

O‘tgan asrning 60-70-yillaridan boshlab O‘zbekistonda халқ­аро sharhlovchilar maktabi shakllangan edi. Televideniye, radiokanallar hamda matbuotda kunora xalqaro voqea-hodisalarga munosabatlar berilib borilar edi. Teleradiokanallarda «Bugun olamda nima gap?», «Sharhlovchi minbari», «Dunyo» kabi ko‘rsatuv va eshittirishlar olib borilardi. Ayni paytga kelib esa bu jarayon ancha oqsamoqda.

Shu bois OAVda siyosiy sharh va tahlillarni ko‘paytirish masalasiga e’tibor qaratish va muntazam ravishda siyosiy tok-shoular tashkil qilinishi fuqarolarning siyosiy ongi shakllanishiga, xorij OAVning manipulyatsiyasi ta’siriga tushib qolmasligiga zamin yaratishi shubhasiz. Shu bilan birga, siyosiy sharhlovchilarni davlat miqyosida rag‘batlantirib borish ham muhim masalalardan biri hisoblanadi.

Bundan tashqari, mazkur yo‘nalishlarda mutaxassis kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish, sharhlovchilarning xorijda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish, tegishli o‘quv-adabiyotlari ishlab chiqish eng muhim masalalar sifatida e’tirof etilishi zarur.

Xulosa shuki, qadimda afinalik faylasuf Perikl «Agar siz siyosatga qiziqmasangiz, bu siyosat siz bilan qiziqmayotganini anglatmaydi», degan fikrni ta’kidlagan edi.

Uning bu fikrini olmoniyalik siyosatchi Otto fon Bismark «agar siz siyosat bilan shug‘ullanmasangiz, siyosat siz bilan shug‘ullanadi», deya talqin qilgan.

Fransuz yozuvchisi Montalaber esa «Siz siyosat bilan shug‘ullanmasligingiz mumkin, ammo baribir siyosat siz bilan shug‘ullanadi», degan edi.

Shu ma’noda siyosat va siyosiy voqealar har bir fuqaroning hayotiga, turmush tarziga bevosita aloqador ekan, siyosiy sharhlar va tahlillarga ehtiyoj ortib boraveradi.

I.Abdiyev, tadqiqotchi