Buxoroda “Siyosiy qatag‘on qurbonlari” haftaligi doirasida Milliy gvardiya viloyat bo‘yicha boshqarmasi hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Kogon tumani bo‘linmasi bilan hamkorlikda tumandagi 21-umumta’lim maktabida joylashgan jasorat maktabining o‘quvchi yoshlari ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Haftalik doirasida maktabning o‘quvchi yoshlari ishtirokida, Vatan himoyasi va el-yurtimiz tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan askar va zobitlar haqidagi “Millat fidoyilari” kitob-albomi, shuningdek, “Ona yurt fidoyilari” rukni ostida chop etilgan Abdulla Qodiriyning “Jinlar bazmi”, Abdulhamid Cho‘lponning “Tong yulduzi” va Hamza Hakimzoda Niyoziyning “Ilm ista”, Abdurauf Fitratni “Yurt qayg‘usi”, Abdulla Avloniyning “Vatanni suymak” kitoblari taqdimotlari hamda o‘quvchi yoshlar o‘rtasida “Insholar tanlovi” bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda kitoblarning mazmuni, undagi qahramonlar hayoti hamda millat fidoyiligining ma’nosi yoritildi. Ishtirokchilar kitoblarning yoshlar tarbiyasida tutadigan roli, tarixiy xotirani saqlash ahamiyati, Vatanga muhabbat ruhini shakllantirish masalalarida fikr-mulohazalar bildirildi.
[gallery-25688]
Tadbirda so‘z olganlar kitoblarning mazkur nashri orqali yurtimizning jasorat va fidoyilik namunalarini, milliy ruhni yosh avlodga yetkazish kerakligi ta’kidlashdi.
Tadbir yakunida faol ishtiroki uchun o‘quvchi yoshlarga sovg‘alar ulashildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.