English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Siyosiy partiyalarda asosli va xalqchil takliflar boʻlishi kerak
15:05 / 2019-08-17

Urganch shahrida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Xorazm viloyat kengashi tomonidan partiya dasturi hamda 2020-2025-yillarga moʻljallangan saylovoldi platformasi loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan ochiq muloqot oʻtkazildi.


Urganch shahrida Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasining Xorazm viloyat kengashi tomonidan partiya dasturi hamda 2020-2025-yillarga moʻljallangan saylovoldi platformasi loyihasi muhokamasiga bagʻishlangan ochiq muloqot oʻtkazildi. 

Unda partiya viloyat kengashi aʼzolari, shahar va tuman partiya tashkilotlari xodimlari, xalq deputatlari viloyat kengashi deputatlari, xalq deputatlari mahalliy kengashlardagi partiya guruhlari aʼzolari, Xorazm Maʼmun akademiyasi olimlari, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, talaba-yoshlar qatnashdi.

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi oʻrinbosari Feruza Muhammedjonova hamda Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi qoshidagi “Maʼrifat targʻibotchilari” jamiyati raisi Baxtiyor Xusanov, Xorazm viloyat hokimi oʻrinbosari, viloyat xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Gulsara Qurbanbayeva soʻzga chiqib, partiya dasturi, saylovoldi platformasi xususida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Tadbirda partiya faollari, deputatlar, olimlar, professor-oʻqituvchilar tomonidan qator takliflar ham bildirilib, partiyaning umumsiyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy, sud-huquq, iqtisodiy, ijtimoiy, axborot va tashqi siyosat sohasida belgilab olgan muhim vazifalari, ularni yanada takomillashtirish yuzasidan qator takliflar ham bildirildi.

– Biz istaymizmi yoʻqmi orol dengizi fojiasi aholi salomatligiga jiddiy xavf tugʻdirmoqda, – deydi partiya faoli, tibbiyot fanlari doktori, professor Ravshan Abdullayev. – Shu sababdan davlatimiz oldida ekologik vaziyatni barqarorlashtirishdan tashqari aholi salomatligini saqlash bilan bogʻliq muhim vazifalar turibdi. Shu yuzadan men bugungi yigʻilishda partiyamiz mamlakatimizda xalq tabobatini yoʻlga qoʻyish, bu boʻyicha qoʻshma korxonalarni tashkil etish, Orolboʻyi hududlarda yashovchi aholiga dotatsiya berish masalalari bilan bogʻliq takliflarni bildirdim.

Shuningdek, ochiq muloqot davomida partiyaning milliy anʼanalarimiz, qadriyatlarimiz ifodasi, hunarmandlikning keng tarqalgan turi – gilamdoʻzlik anʼanalarini saqlab qolish, rivojlantirish hamda Gilamdoʻzlar assotsiatsiyasini tashkil etish zarurligi, qonunchilik tizimini, axborot sohasini yanada takomillashtirish, deputatlik maqomi toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartirish kiritish, atamashunoslik komissiyalari faoliyatini tashkil etish, davlat tasarrufidagi matbuot nashrlarini iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash lozimligi kabi dolzarb va muhim masalalarda takliflar bildirildi.

Ochiq muloqotda oʻrtaga tashlangan savollar, bildirilgan takliflar asosida partiya saylovoldi platformasini yanada mukammal holga keltirish, bu kabi debatlarni muntazam oʻtkazish zarurligi qayd etildi.

Tadbir soʻnggida partiya safiga qoʻshilgan yangi aʼzolarga aʼzolik guvohnomalari topshirildi.