Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Siyosiy partiyalar tizimi: Amaldagi partiyalar jamiyatdagi ijtimoiy guruhlarni ifodalaydimi?
21:34 / 2021-04-22

«Heart of Asia» nashrida ushbu sarlavha ostida chop etilgan maqolada so‘nggi besh yillikda O‘zbekistonda ko‘p partiyaviylikka asoslangan demokratik siyosiy tuzum shakllangani hamda zamonaviy talablar asosida taraqqiy etayotgani haqida so‘z borgan.

Maqolada Barcha demokratik davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham saylovlar umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, muqobillik, oshkoralik va transparentlik, ko‘ppartiyaviylik tamoyillari asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan dunyoda umume’tirof etilgan demokratik standartlarga mos holda o‘tkazilishi alohida ta’kidlab o‘tilgan.

Muallif tobora taraqqiy etib borayotgan yangi O‘zbekistonda ko‘ppartiyaviylik tizimi asosida 5 ta siyosiy partiya faoliyat yuritayotganiga to‘xtalib, har bir partiya hokimiyatga intiluvchi siyosiy kuch sifatida jamiyatning muayyan bir tabaqalari manfaatlarini himoya qilishga, shu orqali, o‘z elektoratini shakllantirgan hamda yanada kengaytirgan holda o‘z nufuzi va ta’sirini kengaytirishga harakat qilishiga e’tibor qaratgan.

Maqola jumladan, shunday boshlanadi:

Zamonaviy O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan har bir siyosiy partiya o‘z elektoratining qat’iy ishonchi va ovozi uchun kurashishga, keng ko‘lamli saylovchilarning manfaatlariga xizmat qiluvchi, xohish-irodasini namoyon qiluvchi dasturiy maqsadlarni dadil ravishda ilgari surishga, Parlamentda ko‘pchilik o‘rinni egallashga, va shu orqali, davlat va jamiyatning rivojlanishi yo‘lida yangi taklif va amaliy yechimlarni taqdim etishga qaratilgan yetakchi siyosiy kuch bo‘lishga harakat qiladi.

Har bir siyosiy partiya, eng avvalo, turli ijtimoiy guruhlardan tarkib topgan o‘z elektoratiga, ular orqali xalqning madadiga tayanadi. Partiyaning tarafdori bo‘lgan elektoratining manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, ularning huquq va erkinliklari to‘laqonli ta’minlanishi yo‘lida muhim chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali partiyaning jamiyatdagi nufuzining yuksalishi yanada reallashadi.

bugungi kunda partiyalar bir-biridan farq qiluvchi o‘z dasturlariga, muayyan, aniq elektoratiga ega. Agar ilgari, xususan, bundan qariyb 15-20 yil oldin partiyalarning dasturi va elektoratida nisbatan yaqinlik kuzatilgan bo‘lsa, hozirda ularning mafkuraviy-tashkiliy faoliyati yanada takomillashib, o‘zaro aniq farqli belgilari, ajralib turuvchi o‘ziga xos xususiyatlari namoyon bo‘lmoqda.

“Bunda, har qanday siyosiy partiyaning yutug‘i – ilgari surayotgan siyosiy mafkurasining jozibadorligi hamda amaliy sa’y-harakatlari bilan belgilanadi”, deyiladi jumladan maqolada.

Muallif shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalarning elektoratiga ham to‘xtalgan:

Mamlakatning eng keksa partiyasi sanalgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi o‘z elektorati sifatida – davlat
va jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoya hamda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlari (pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori turmush kechirishi uchun yetarli bo‘lmagan pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onalar, ko‘p bolali ayollar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, yolg‘iz keksalar va aholining boshqa zaif qatlamlari, mehnat bilan band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi, ishga joylashishda qiyinchilikka duch kelayotgan insonlar, jumladan, mehnat bozoriga endi kirib kelayotgan ta’lim muassasalari bitiruvchilari, doimiy ish joyi va barqaror daromadga ega bo‘lmagan kishilar, ichki va tashqi mehnat migrantlarini ko‘radi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi o‘z elektorati deb ishchi va mehnatkashlar, yuqori malakali mutaxassislar, byudjet sohasi xizmatchilari, pedagoglar, shifokorlar, ilmiy va injener-texnik xodimlar, xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlarini biladi.

Navbatdagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi esa ziyolilar, shu jumladan, ilm-fan va ta’lim, madaniyat, san’at va axborot sohasi xodimlari, kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlar, shuningdek, olimlar, tarbiyachi
va o‘qituvchilar, ijodkor va san’atkorlar, sportchilar, turizm, hunarmandchilik va xalq tabobati sohasi vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari, shuningdek, “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”, degan ustuvor g‘oyani qo‘llab-quvvatlovchi vatanparvar va bunyodkor xalq vakillarini o‘z elektorati sifatida ko‘radi.

So‘nggi 15-20 yillikda mamlakatda yetakchi siyosiy kuch sifatida harakatlanayotgan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining elektoratini – mulkdorlar qatlami, kichik biznes vakillari, tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlar, jamoat tashkilotlari vakillari, ishlab chiqarish sohasidagi mutaxassislar hamda
o‘z tadbirkorligi va tashabbuskorligini rivojlantirish evaziga xalq farovonligiga erishishga harakat qilayotgan ijodkor, olimlar tashkil qiladi.

2019 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston ekologik partiyasi (sobiq O‘zbekiston Ekologik harakati) elektorati – ekologlar, biologlar, kimyogarlar, geologlar, irrigatorlar, agrar sohasi vakillari, tibbiyot xodimlari, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga, ekologik barqarorlikni ta’minlashga befarq bo‘lmagan barcha ijtimoiy-siyosiy faol fuqarolardan iborat.

O‘zbekistonda siyosiy partiyalarning yangi darajaga chiqishi, jamiyat tarkibidagi ijtimoiy guruhlarni o‘z elektorati sifatida yanada kengroq jalb qilishi so‘nggi besh yillikda izchil namoyon bo‘lmoqda. Xususan, 2017 yilda davlat rahbari tomonidan Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillari (hozirda Ekologik partiya) bilan videoselektor yig‘ilishidagi ma’ruzada siyosiy partiyalar faoliyatidagi ayrim muammo va kamchiliklar haqida so‘z borib, o‘tgan davr mobaynidagi faoliyati tanqidiy ruhda tahlil qilinib, islohotlarni yanada chuqurlashtirish, partiyalar faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, siyosiy partiyalar o‘z ish uslubini tubdan o‘zgartirib, aholi, elektorat bilan muloqotni tizimli yo‘lga qo‘yishi davr talabi ekanligi, balandparvoz gaplarni chetga surib, aniq amaliy ishlar bilan saylovchilar (elektorat tarkibidagi ijtimoiy guruhlar) ishonchini qozonishi, partiyalarning quyi bo‘g‘inlari bilan uyg‘un va jips holatda ishlashi, o‘z dasturiy maqsad va vazifalarini, mafkuraviy sohadagi ishlarini qayta ko‘rib chiqib, ularga zaruriy o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishi, bunda jahon tajribasini o‘rganish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirishi lozimligi, kadrlar tayyorlash va ularning zaxirasini yaratish, kadrlar bilan izchil ishlashni yo‘lga qo‘yish lozimligi alohida ta’kidlangan edi.

Yangi O‘zbekistonning muhim dasturilamali sanalgan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” asosida davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini yanada kuchaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirildi.

Saylov kodeksi qabul qilinib, siyosiy maydon to‘liq siyosiy partiyalarga berildi, Ekologik harakatga qo‘yilgan kvota, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan nomzod ko‘rsatish huquqi ham chiqarib yuborildi. Endilikda, mamlakat siyosiy partiyalari Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga o‘tkaziladigan saylovda 135 ta emas, balki to‘liq 150 ta saylov okrugida o‘z nomzodlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldilar. Bunday yangiliklar siyosiy maydonda partiyalarning yanada o‘zini namoyon qilishiga, ko‘ppartiyaviylikni va partiyalararo raqobatni rivojlantirishga, parlamentda ko‘proq o‘rin olishiga imkoniyat yaratdi.

Ma’lumki, 2019 yil 22 dekabrda bo‘lib o‘tgan so‘nggi saylovlar erkin raqobat muhitida, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi qizg‘in tortishuv va bahs-munozaralar sharoitida o‘tganligi, ushbu jarayonda ommaviy axborot vositalarining roli sezilarli darajada oshgani xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ham alohida e’tirof etildi.

Hozirgi yangi bosqichda, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalar o‘z a’zolari sonini ko‘paytirish,
o‘z dasturlarini yanada takomillashtirish, o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarni kundalik hayotga izchil tatbiq etib borish, eng asosiysi, partiya elektorati bilan izchil muloqotda bo‘lib, elektorat ichiga chuqur va tizimli ravishda kirib borish, ularning muammolariga amaliy-tashkiliy jihatdan samarali yechim izlash, qonuniy manfaatlarini yanada ta’minlash bo‘yicha faol harakatlarni olib bormoqda. Bu orqali, partiyalar a’zolarining safi kengayib, mavqei yanada oshib borishiga mustahkam zamin yaratiladi.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, zamonaviy O‘zbekistonda siyosiy partiyalar yangi darajaga chiqishga intilmoqda. Mamlakat siyosiy sahnasi va ijtimoiy hayotida yanada kuchli mavqe va nufuzga ega bo‘lish, o‘z elektorati ishonchini mustahkamlash, jamiyatdagi turli ijtimoiy guruhlar manfaatlarini ifodalagan holda ularni o‘z saflariga keng jalb qilish, Ustav va Harakat dasturlarida belgilangan maqsad va vazifalarni to‘liq amalga oshirish uchun siyosiy partiyalar mafkuraviy-dasturiy, amaliy-tashkiliy, targ‘ibot-tashviqot faoliyatlarini yanada kuchaytirish, partiya tuzilmasi butun iyerarxik (yuqoridan to quyi bo‘g‘inlari) tizimining samarali faoliyat yuritishi borasida barcha sa’y-harakatlarini maqsadli yo‘naltirmoqdalar.