Siyosiy partiyalar katta imtihon oldida turibdi
Fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshgani, ularning huquqiy ongi yuksalgani, siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli sezilayotgani joriy yilda boʻlib oʻtadigan saylovlar, sogʻlom raqobat muhitida, ochiqlik va shaffoflik, tenglik tamoyillari asosida oʻtishining muhim omili boʻlib xizmat qiladi.
Fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshgani, ularning huquqiy ongi yuksalgani, siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli sezilayotgani joriy yilda boʻlib oʻtadigan saylovlar, sogʻlom raqobat muhitida, ochiqlik va shaffoflik, tenglik tamoyillari asosida oʻtishining muhim omili boʻlib xizmat qiladi.
Poytaxtimizda oʻtkazilgan Oʻzbekiston Ekologik partiyasining navbatdan tashqari plenumida bunga alohida urgʻu berildi.
Unda partiyaning markaziy kengashi aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hamda boshlangʻich partiya tashkilotlari raislari, xodimlari, faollari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda Oliy Majlis va mahalliy kengashlarga navbatdagi saylovlar oʻtkazilishiga oz fursat qoldi. Yurtimizning siyosiy-ijtimoiy hayotida gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan ushbu siyosiy jarayonni milliy qonunchiligimiz va xalqaro standartlar asosida yuqori saviyada oʻtkazish uchun har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrish zarur.
– Darhaqiqat, siyosiy partiyalar katta imtihon oldida turibdi. Bu borada yangi tashkil etilgan va saylovlarda ilk bora ishtirok etayotgan Oʻzbekiston Ekologik partiyasi boshqa siyosiy partiyalarga nisbatan masʼuliyatni yanada koʻproq his etadi, – deydi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi guruh rahbari Erkin Omonov. – “Biz kelajak uchun javobgarmiz” gʻoyasi ostida hozirgi va kelgusi avlodning ekologik toza atrof-muhitga ega boʻlish huquqlarini taʼminlash, ekologik barqarorlikka erishish, aholi salomatligini muhofaza qilish yoʻlida jamiyatni ijtimoiy guruhlarga ajratmagan holda uning barcha kuch-salohiyatini birlashtirish partiyamizning asosiy maqsadidir.
Plenumda partiya Saylovoldi dasturi muhokamasiga bagʻishlangan debatlar deyarli respublikamizning barcha hududlarida oʻtkazilgani alohida qayd etildi. Ekspertlar guruhi tomonidan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, sogʻliqni saqlash, taʼlim va tarbiya, iqtisodiy-ijtimoiy sohaning barcha jabhalarini, jumladan, sohada davlat siyosatini amalga oshirishga koʻmaklashish, milliy qonunchilikni takomillashtirish, ekologik xavfsizlikni taʼminlash, “Yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, ekologik taʼlim-tarbiya tizimini yangi bosqichga olib chiqish, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish kabi masalalarni qamrab olgan partiyaning saylovoldi dasturi debatlarda bildirilgan taklif va mulohazalar asosida yanada takomillashtirildi.
Tadbirda ishtirokchilar iqtisodiyotning barcha tarmoqlarida suvni tejaydigan, shu jumladan, tomchilatib sugʻorish texnologiyalaridan keng foydalanishga qaratilgan loyihalarning amaliyotga tatbiq etilish, oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim muassasalarida uzluksiz ekologik taʼlim, OTMda ekologiya fani boʻyicha pedagogik kadrlar tayyorlash tizimini joriy qilish singari bir qancha takliflarni partiyaning Saylovoldi dasturiga kiritishga kelishib oldi.
Belgilangan vazifalardan kelib chiqib, kelgusida joylarda partiya targʻibotini kuchaytirish, partiya safiga oʻz ishiga fidoyi, malakali kadrlarni jalb qilish, boshlangʻich partiya tashkilotlari faoliyatini toʻgʻri tashkil etish boʻyicha qaror qabul qilindi.