Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Siyosiy partiyalar faoliyatini moliyalashtirish manbalari
16:53 / 2021-03-25

Parlament quyi palatasi yalpi majlisida siyosiy partiyalarning 2020 yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlari eshitildi.

Taraqqiyotning yangi bosqichida barcha siyosiy partiyalar o‘z ish rejalarini tubdan qayta ko‘rib chiqib, faoliyatini yangicha ruhda davom ettirmoqda. Xususan, siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli sezilarli darajada oshib, joylarda aholini o‘ylantirib kelayotgan muammolarini o‘rganish va hal etish borasidagi ishlari faollashdi.

Dastlab, O‘zLiDeP raisi A.Haitov hisobot bilan chiqdi.

Ta’kidlanishicha, 2020 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra partiyaning hisob raqamlaridagi qoldiq mablag‘lar 1 milliard 930 million 734 ming so‘mni tashkil qilgan. 2020 yil davomida partiyaning hisob raqamlariga jami 35 milliard 318 million 862 ming so‘m kelib tushgan.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi A.Qodirov qayd etganidek, 2020 yilda partiya hisob raqamiga 22 milliard 276 million 323 ming so‘m miqdorida mablag‘ kelib tushgan. Xususan, partiyaning Ustav faoliyatini moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 20 milliard 113 million 494 ming so‘m, partiya a’zolik badallaridan 18 milliard 916 million 59 ming so‘m, homiylik, xayriya va boshqalar 271 million 170 ming so‘m mablag‘lar kelib tushgan. 2020 yil davomida partiyaning umumiy sarf-xarajati 21 milliard 665 million 209 ming so‘mni tashkil etdi.

«Adolat» SDP rahbari B. Abduhalimovning hisoboti eshitildi.

Partiyaning 2020 yilga mo‘ljallangan «Yo‘l xarita»si bir ovozdan qabul qilindi. «Yo‘l xarita»da 2020 yil davomida bajarilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilandi. Hisobot davrida partiyaning hisob raqamlariga jami 14 milliard 206 million 929 ming so‘m mablag‘ kelib tushgan. 2020 yilda jami 13 milliard 871 million 122 ming so‘m mablag‘ sarflandi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi raisi U.Inoyatovning axborotida qayd etilishicha, o‘tgan yilda partiya hisob raqamlariga kelib tushgan tushumlarning umumiy miqdori 23 milliard 842 million 410 ming so‘mni tashkil etdi.

2020 yilda partiyaning Ustav faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan umumiy mablag‘ning 48 foizini partiyaning o‘z mablag‘lari tashkil etdi. 2019 yilda ushbu ko‘rsatkich 45 foizni tashkil qilgan edi. Ya’ni, 2020 yilda partiyaning o‘z mablag‘lari 2019 yilga nisbatan qariyb 3 foizga o‘sgan.

Majlisda, shuningdek, O‘zbekiston Ekologik partiyasi raisi N.Oblomuradov ham hisobot bilan chiqdi.

Qayd etilganidek, partiyaning 2020 yildagi Ustav faoliyatini amalga oshirishga qaratilgan xarajatlar 8 milliard 342 million 51 ming so‘mni tashkil etdi. Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining ishchi xodimlariga 2020 yil davomida ish haqi uchun 7 milliard 36 million 808 ming so‘m sarflangan.

Shuningdek, Yagona ijtimoiy to‘lov uchun 853 million 997 ming, xizmat safarlar xarajatlari uchun 19 million 801 ming so‘m, kommunal xizmatlar uchun 75 million 122 ming, moddiy aylanma vositalar zaxiralari uchun 114 million 179 ming, tovar va xizmatlar sotib olish uchun 186 million 473 ming, asosiy vositalar bo‘yicha xarajatlar uchun 19 million 410 ming, mashinalar, jihozlar va texnikalarni joriy ta’mirlash uchun 10 million 66 ming, boshqa xarajatlar uchun 26 million 193 ming so‘m, jami IV-guruh xarajatlari uchun 451 million 246 ming so‘m xarajat qilindi.

O‘zbekistonning barcha siyosiy partiyalarida nazorat-taftish komissiyalari ishlab turibdi, ular faoliyatining tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlari, shu jumladan, ularning funksiyalari, vazifalari hamda huquq va majburiyatlari aniq belgilangan.

Deputatlar eshituv davomida bildirilgan fikrlarni inobatga olgan holda siyosiy partiyalarning 2020 yildagi faoliyatini moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi hisobotlarini ma’lumot uchun qabul qildilar.

 

Nurillo NASRIEV, O‘zA