Ko‘rsatuvni tomosha qilar ekanman, jamiyat hayoti shitob bilan o‘zgarayotgani, ijtimoiy faollik oshayotgani, odamlar, ayniqsa, yoshlar davlatimizning ichki va tashqi siyosatiga, parlament hayoti, qonun ijrosi, partiya vadeputatlar faoliyatiga endi befarq emasliklariga amin bo‘ldim.
Ko‘rsatuvni tomosha qilar ekanman, jamiyat hayoti shitob bilan o‘zgarayotgani, ijtimoiy faollik oshayotgani, odamlar, ayniqsa, yoshlar davlatimizning ichki va tashqi siyosatiga, parlament hayoti, qonun ijrosi, partiya vadeputatlar faoliyatiga endi befarq emasliklariga amin bo‘ldim. Mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlarni davlat-jamiyat-shaxs munosabatlariga doir yangicha qarashlarda, siyosiy va huquqiy madaniyatda, fikr erkinligini his etish mas’uliyatida ko‘rish mumkin.
Ulug‘ mutafakkirlar dunyoqarashi shakllanib bo‘lgan insonni o‘zgartirish g‘oyat mushkulligini ko‘p bor ta’kidlaganlar. Shunday bo‘lsa-da, mamlakatimizda keyingi uch yil ichida bu borada ijobiy siljish yuz berayotganini sezish qiyin emas. Sobiq tuzumdan qolgan hadik va qo‘rquv o‘rnini jur’at, qat’iyat, ishonch egallamoqda. Bu — g‘oyat jiddiy, hal qiluvchi, millat va mamlakat taqdiriga bevosita bog‘liq natija. Buni e’tirof etmoq zarur. Shu bilan birga, turli nuqtai nazarlar “jang”gida bir necha haqiqat yuzaga lo‘ppiday qalqib chiqdiki, bunga to‘xtalmaslik mumkin emas.
Birinchisi. Jamiyat a’zolarining ma’lum qismida (ba’zi qatlamlarda ko‘proq ham) siyosiy partiya haqidagi tushuncha sobiq tuzum paytida qanday bo‘lsa, deyarli shundayligicha qolgan. Ikkinchisi, ko‘pchilikning tasavvuricha, deputat bugun ham uy-joy, ichimlik suvi, yo‘l qurilishi, elektr energiyasi ta’minotidagi muammolarni hal qiladigan, tashkilotma-tashkilot yelib yuguradigan, nabiralarni bog‘chaga, nufuzli maktabga bir qo‘ng‘iroq bilan joylashtiradigan beminnat dastyor. Shu kabi g‘ovlab yotgan ishlarni qoyillatib bajarsa— zo‘r, bajarmaydigani deputatlikka tasodifan kelib qolgan noshud.
Sobiq tuzumdan qolgan bu matoh, tasavvur o‘tmish yillarning aniq hayotiy voqeligi asosida shakllangani bois, ijtimoiy qarashlarimizga nihoyatda chuqur singib ketgan. Sho‘rolar zamonida bugungidek, qonunchilik bilan shug‘ullanish, qonun loyihalarini umumxalq muhokamasidan o‘tkazish asosida takomillashtirish deputatning xayoliga ham kelmagan, tushiga kirmagan. Uning asosiy ishi saylovchilarning maishiy “nakaz”larini bajarish bo‘lgan, xolos. Yo‘lini topib, ko‘chani asfaltlab, maktab tomini yangilab bersa bo‘ldi, otasiga rahmat deyishgan.
Bu xususda g‘oyat kulgili latifalarni ham ortda qoldiradigan, ammo saylovlar payti aniq sodir bo‘lgan ajabtovur voqealarning son-sanog‘i yo‘q. Chingiz Aytmatovning Muxtor Shoxonov bilan suhbatida shunday misol keltiriladi: deputatlikka nomzod tadbirkor saylovchilar bilan uchrashib, o‘ziga ovoz berishlari uchun har bir kishiga chiroyli tikilgan tufli sovg‘a qiladi, ammo... bir poyini berib, ikkinchi poyini o‘zida qoldiradi. “Saylovda yutib chiqsam, ikkinchi poyini ham olasizlar”, deydi. Bunday hotamtoyligiga qaramay, maqsadiga erisha olmaydi va tuflilarning bir poyini o‘zi bilan birga olib juftakni rostlaydi.
O‘zim guvoh bo‘lganim: o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshidagi saylovlardan birida tadbirkor nomzod qishloqning o‘ydim-chuqur yo‘llarini asfaltlab beraman deb, ko‘chalarga shag‘al, qum yotqizdi. Ammo... saylovda omadi kelmadi. Jahl ustida asfaltlash uchun tekislab qo‘yilgan shag‘alni surdirib, ko‘chani battar abgor qildi-yu ketdi. Uning raqibi ikki-uch mahallaga vodoprovod suvi olib kelib, g‘alaba nashidasini surdi.
O‘sha yillari nomzodlar haqida gap ketganda, kimdir “Bu yigit o‘qimishli, qizil diplomli, qonunchilik bo‘yicha mutaxassis ekan, shunga ovoz bersak bo‘ladi”, desa, ko‘pchilik: “E, qonun bilan shug‘ullanadigan davlat bor, olimlar bor, nima qiladi siyosatga aralashib, undan ko‘ra arig‘imizni tozalatib bersin, tomidan chakka o‘tadiganlarga shifer tarqatsin, omuxta yem olib kelsin” deyishardi. Zamona shunday edi. Saylovchilariga yaltiroq kalish tarqatib ovoz olgan, ancha vaqt ichi bo‘sh papkani qo‘ltiqlab yurganlar ham bo‘lgan. Elning dardini tinglaydigan odamning, tashkilotning o‘zi yo‘q zamonda deputatlikka harakat qilayotgan odam saylovchi uchun najot tuynugiday tuyulardi.
Aytishga iymanmaylik: bunday tasavvur yaqin-yaqingacha yashab keldi. “Falonchining nomzodi deputatlikka ko‘rsatilibdi”, deyishsa, darhol: “Kim ekan, biror ish qilib bera olarkanmi, tepada odami bormikin?” degan savollar paydo bo‘lardi. Bunday munosabat zamonlari allaqachon o‘tib ketdi. Yangi jamiyatda, yangilanayotgan mamlakatda, yangi ijtimoiy-ma’naviy reallikda yashamoqdamiz. Siyosiy savodxonlik, dunyoni anglash, faollik, tashabbuskorlik, millat va mamlakat taqdiriga daxldorlik, erkin fikr – mana bugungi kunning muhim siyosiy atributlari.
Bugungi parlament avvalgi quruq savlatli “oliy sovet” emas, istiqlol yillari xalq irodasi, milliy taraqqiyot ehtiyoji, ozod fikr rivoji bilan shakllanayotgan, og‘ir sinovlardan o‘tgan, jahoniy andozalarga mos demokratik minbar. Uning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni butunlay o‘zgardi, partiya yakkahokimligi tugatildi. Parlament majlisi televidenie orqali onlayn tarzida namoyish etildi. Yig‘ilishlarda nomdor mulozimlarning hisobotlari talabchanlik bilan tinglanmoqda. Parlament va deputat so‘rovlariga javob berish siyosiy madaniyat tusini oldi. Deputatlardan biri yaqinda “Men bu qonun loyihasiga qarshi ovoz beraman”, dedi. Sobiq tuzum paytida bunday deyish o‘z ixtiyori bilan jahannamga yo‘l olishday gap edi.
Deputat ham bugun o‘zgacha: endi u qonun loyihasini tushunsa-tushunmasa qo‘l ko‘tarib tasdiqlayvermaydi. Minbarga chiqib, fikrini ochiq-oydin ayta oladi, bahslashadi, taklif kiritadi. Aniq misollar, faktlar, dalillar keltirib, xom loyihalarni rad eta oladi. Faol deputatlar bu imkoniyatdan unumli foydalanayotganlarini ko‘rib turibmiz. Ammo hamma ham faol emas. Majlislar zalida tinchgina, intizom bilan, hech narsaga qarshi chiqmay, “shakkok”lik qilmay mo‘min-qobil bo‘lib o‘tirganlar, teleekranda ikki og‘iz gapni qog‘ozga qarab aytayotganlar ham bor. Bundaylar hatto ozchilikni tashkil etganda ham umumiy saviyaga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Barcha deputatlarning faolligiga erishish uchun nima qilish kerak?
Bu savolning o‘zidan boshqa savol kelib chiqadi: siyosiy partiyalarimiz faoliyati mamlakat ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’rifiy hayotining bugungi talablari, saylovchilarning ong tushunchasi, siyosiy faolligi, yangicha qarashlarigamosmi? Dunyoda kechayotgan murakkab ijtimoiy jarayonlar, siyosiy partiyalar, tuzilmalar, bloklar o‘rtasidagi g‘oyaviy-nazariy kurashlar, ulardan anglashiladigan xulosalardan xabardormilar? Beshta partiya o‘rtasida sog‘lom bahs-munozara mavjudmi? Saylovchi o‘zi a’zo bo‘lgan partiyaning, shu bilan birga, muxolif partiyalarning mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga oid qarashlarini biladimi, bir-biridan farqlay oladimi?
Ko‘pchilik AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya. Gresiya, Italiya kabi yetakchi mamlakatlar parlamentidagi fraksiyalar rahbarlarining ekologiya, iqlim o‘zgarishi, qochoqlarni qabul qilish, Yevroittifoq taqdiri, ijtimoiy himoya, sanoatni robotlashtirish kabi muhim masalalarga nisbatan munosabatini ularning ma’ruza va bayonotlari orqali yaxshi biladi. Bizda esa taassufki, bunday bayonotlar yo‘q yoki yetarliemas. Shu bois partiyalarimiz yetakchilari, fraksiyalar rahbarlari, faol deputatlarning qarashlari, ulardagi jiddiy yoki nisbatan farqxususidagi bilimimiz juda zaif.
G‘arbda ijtimoiy-siyosiy masalalar bilan birga, sanoat, qishloq xo‘jaligi, iqlim muammolari, investitsiya oqimi, pulning qadrsizlanishi, tibbiyot, oziq-ovqat xavfsizligi kabi masalalarni domiy ravishda o‘rganib, tegishli tashkilotlarga g‘oyat muhim xulosalar beradigan “aql markazlari” mavjud. Bizda bunday markazlar endi-endi tetapoya qilmoqda. Jamoatchilik fikrini o‘rganish respublika markazi tomonidan o‘tkazilayotgan so‘rovlar natijalaridan ham anglashiladiki,bizda bunday markazlar, shubhasiz, bo‘lishi kerak. Partiyalarimiz rahbarlaridan biri achchiqroq bo‘lsa-da, “Bizda davlatga o‘z ta’sirini o‘tkaza oladigan partiyalar shakllangan emas”, degan gapni aytdi.Siyosiy partiya, toki u hokimiyat uchun kurash olib borar ekan, o‘zining “aql markazlari”ni yo‘lga qo‘yishi, voqealar rivojini avvaldan ko‘ra olishi,faoliyatini shu asosda qurishi maqsadga muvofiqdir. Har bir partiya yangi sharoitda voyaga yetayotgan yoshlarning salohiyati, qiziqishlari, orzu-umidlaridan boxabar bo‘lsa, kelgusida ular bilan o‘z saflarini yanada boyitish imkoniyati tug‘iladi.
Sobiq tuzum hammani bir xilda fikrlaydigan, yig‘ilishlarda faqat tasdiqlovchi ovoz beradigan “labbay”chilar qilib tarbiyalashga urindi, ammo o‘zi tanazzulga yuz tutdi. Siyosiy partiyalarning, deputatlarning qarashlarida ma’lum ayrichaliklar bo‘lishi shart va tabiiy. Busiz oldinga siljib bo‘lmaydi. Bu bilan bizda fikrlar xilma-xilligi yo‘q demoqchi emasman. Bor, ba’zi qonun loyihalari qizg‘in muhokamadan so‘ng ham qabul qilinmayotgani, qayta-qayta ishlanayotgani, ayrim deputatlar yetarli darajada ishlanmagan loyihalargaqarshi ovoz berayotganlari bunga dalil. Lekin parlament majlislari, qo‘mitalarning yig‘ilishlari, u yerdagi ayovsiz tortishuvlarning hammasi ham efirga uzatilmaydi. Buning uchun alohida telekanal bo‘lishi kerak. Hozircha esa saylovchi bu bahslar mazmunidan bexabar qolmoqda va bu uning parlament, deputatlar xususidagi tasavvuriga salbiy ta’sir ko‘rsatayotir.
O‘tgan hafta “Poytaxt” biznes markazida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tashabbusi bilan “O‘zbekistonning yangilangan saylov qonunchiligi — demokratik saylov o‘tkazishning asosi” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tgani ma’lum qilindi. Anjumanda saylov jarayonini yoritishda OAVning ishtiroki, jurnalist etikasiga rioya qilish masalalari ham muhokama qilingan. “Milliy tiklanish” gazetasi vakili tashviqot paytida gazetalarda eski qolipga asosan nomzodning rasmiy fotosurati va tarjimai holi e’lon qilinadi, xolos, bu qolipni sindirish kerak”, degan fikrni o‘rtaga tashlagan. To‘g‘ri gap. Ammo har galgi saylov arafasida yetakchi gazetamiz bo‘lmish “Xalq so‘zi”da siyosiy partiyalarning nomzodlariga o‘z qarashlarini erkin ifoda etishlari uchun teng imkoniyat berilishiniham unutmaylik. Faqat... bu ishlar,avvallari bo‘lganidek, saylov yaqinlashganida boshlanadi. Ancha-muncha tortishuvlar bo‘ladi. Saylovdan keyin-chi? Bahsga, munozaraga o‘rin qolmaydimi? Saylov sababli muammolarning hammasi ham hal bo‘lmaydi-ku? Ularni kim, qachon va muhimi, qaerda muhokama qiladi?
“Munosabat” ko‘rsatuvi ishtirokchilaridan biri “G‘arbda har bir siyosiy partiyaning g‘oyaviy-nazariy masalalar bilan muntazam shug‘ullanadigan, jahon parlamentarizmining ilg‘or tajribalarini tahlil qiladigan,yangi shioru da’vatlarni o‘rtaga tashlaydigan kuchli intellektualguruhi bo‘ladi”, degan fikrni aytdi. Chindan ham shunday. Partiyalarimizga ayni shunday kuchli ilmiy guruh yetishmaydi. Haftada bir marta chop etiladigan partiya nashrlari imkoniyati bu mas’uliyatnizimmagaolish darajasida emas. Ularning o‘ziga yordam kerak.
Parlamentimizga partiyalar rahbarlari, fraksiyalarning yetakchilari va umuman, oddiy a’zolarning ham fikr-mulohazalari, raddiyalari, nuqtai nazarlari, taklif va tashabbuslarini xolis turib yoritadigan ilmiy-amaliy jurnal yetishmaydi. Unda jahon parlamentarizmi tajribalarini muntazam ravishda yoritib borish, saylovchilarga erkin so‘z berish, muammolarni keng ko‘lamda muhokama qilish imkoniyati yuzaga kelgan bo‘lardi. Yanada muhimi, siyosiy bahslar faqat saylovlar arafasida emas, yil davomida muntazamlik kasb etardi.
Parlamentning nufuzini belgilaydigan yana bir muhim jihat — qabul qilinayotgan qonunlarning barqarorligi. Qonun deyarli bir ovozdan qabul qilinsa-yu, keyingi sessiyalarda ularga tinimsiz o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilaversa, bu mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida yuz berayotgan o‘zgarishlar ta’siri bo‘lishi bilan birga, bir ma’noda qonunning mukammal emasligidan ham dalolat beradi. Fransiyada Napoleon Bonapart paytida qabul qilingan ayrim qarorlar yaqin-yaqingacha hech bir o‘zgarishsiz amalda bo‘lgan.
Teleko‘rsatuvda bo‘lajak saylovlarda ishtirok etadigan nomzodlar masalasi jiddiy munozaraga sabab bo‘ldi. Chindan ham, ularni kim tanlaydi, kim tavsiya etadi? Tanlov qaysi mezonlarga asoslanadi? “Adolat” SDPningnomzodi bilan “Milliy tiklanish” partiyasi nomzodiga qo‘yiladigan talablarda farq bo‘ladimi yoki yo‘qmi?
Bu savollarga javob topish uchun yana “kuchli intellektual guruh”ga qaytamiz. Ayni shu guruh futbol murabbiysiga o‘xshab, boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini o‘rganar ekan, partiyaning bo‘lajak faol a’zolari, yosh liderlar, deputatlikka nomzodlarni aniqlaydi, ularni ma’naviy jihatdan tarbiyalab boradi. Deputatlik mo‘may daromad manbai yoki so‘zi hammaga o‘tadigan nufuzli lavozim emasligini tushuntiradi. Bu ishni partiya uchun boshqa hech kim qilib bermaydi. Har kim o‘z zaxirasinio‘zi shakllantirishi kerak. Bu ish yo‘lga qo‘yilsa, deputatlik nomi bilan o‘zining shaxsiy muammolarini hal qilib olishni ko‘zlaganlar soni keskin kamayadi, binobarin, parlamentimizning nufuzi, professionallik darajasi oshadi.
Bugungi deputat milliy qonunchilik bilan shug‘ullanadi. U parlament qo‘mitalari yig‘ilishlarida, hukumat majlislaridagi muhokamalarda o‘zi saylangan okrug manfaatlari uchun kuyunish bilan cheklanib qolmaydi, asosan, umummilliy manfaatlarni himoya qiladi.
O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov suhbatlaridan birida bitta qonun yaratish beshta roman yozishdan qiyin, degan gapni aytgan edi. Shunday ekan, bu mashaqqatli ishga astoydil bel bog‘laganlarni hurmat qilishimiz, eng munosiblariga ovoz berishimiz lozim.
Ahmadjon Meliboev.
Manba: “Hurriyat” gazetasi