27 oktyabr kuni o‘tkaziladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari sayloviga tayyorgarlik qizg‘in pallaga kirmoqda. 26 iyuldan boshlangan saylov kampaniyasi tadbirlari O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi hamda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan kalendar reja asosida olib borilmoqda.
Saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgarishlarga ko‘ra, endilikda saylov komissiyalari tizimi Markaziy saylov komissiyasi, hududiy saylov komissiyalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, tuman va shahar saylov komissiyalari, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalaridan iboratdir.
Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 29 may kuni qabul qilingan qaroriga muvofiq, mamlakatimiz tarixida birinchi marta viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari tuzildi.

Jumladan, Samarqand viloyati chegarasi doirasida 21 kishidan iborat viloyat hududiy saylov komissiyasi tuzildi. Komissiya raisi o‘rinbosari va kotibi doimiy asosda faoliyat olib bormoqda.
– Komissiya tarkibida avvalgi saylovlarda ishlagan, bu borada tajribaga ega a’zolar ko‘pchilikni tashkil etadi, – deydi Samarqand viloyati hududiy saylov komissiyasi raisi Xo‘jaqul Muhammadiyev. – Ular bu yilgi saylov jarayonlari, qonunchilikdagi yangilik va o‘zgarishlar mohiyati bilan tanishtirilgan, zarur bilim va ko‘nikmaga ega. Albatta, bu yilgi saylovda komissiyalari tizimi biroz o‘zgargan. Ya’ni endilikda Prezident saylovi, referendum, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish uchun okrug saylov komissiyalari tuzilmaydi. Bu vazifani hududiy saylov komissiyalari bajaradi. Tuman, shahar Kengashlariga saylov o‘tkazish uchun ham okrug saylov komissiyasi bo‘lmaydi va bu vazifa tuman, shahar saylov komissiyalari zimmasiga yuklatiladi. Biz shu paytgacha o‘z vakolatimiz doirasida tuman va shahar saylov komissiyalarini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qildik. Shuningdek, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60 ta saylov okrugi tuzib, okrug saylov komissiyalari tarkibini tasdiqladik. Ilgari xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari uchun deputatlik o‘rinlari bir xil, ya’ni viloyatda 60 ta, tuman va shaharlarda esa 30 ta etib belgilangandi. Endi esa deputatlik o‘rinlari hududda yashovchi aholi sonidan kelib chiqib, mahalliy Kengashlar qarori bilan belgilanmoqda. Ya’ni Samarqand viloyatida aholi soni 3 milliondan ortiqligi uchun xalq deputatlari viloyat Kengashiga 60 ta deputatlik o‘rni belgilangan. Tuman va shaharlarda esa 20 tadan 30 tagacha deputatlik o‘rinlari tasdiqlandi.
Hududiy saylov komissiyaga kiritilgan taqdimnoma asosida viloyatda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazuvchi 1130 ta saylov uchastkasi tuzildi. Сайлов uchastkalarining 878 tasi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, 67 tasi kollej, litsey va texnikumlarda, 59 tasi tibbiyot muassasalari, sanatoriya va dam olish maskanlarida, 14 tasi harbiy qism, ozodlikdan mahrum etish muassasalarida joylashgan. Saylovchilar sonidan kelib chiqib eng ko‘p saylov uchastkalari Samarqand shahri (180), Urgut (127) va Pastdarg‘om (92) tumanlariga, eng kami Kattaqo‘rg‘on shahri (33), Qo‘shrabot (45) va Oqdaryo (46) tumanlariga to‘g‘ri kelmoqda.

O‘tgan hafta uchastka saylov komissiyalari tarkibi tasdiqlandi. Uchastka saylov komissiyalariga 12 ming 144 kishi jalb etilmoqda. Ularning 5598 nafari, ya’ni 46 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. 289 ta uchastka saylov komissiyasiga xotin-qizlar rahbarlik qiladi. Komissiya a’zolarining 52 foizi xalq ta’limi tizimi xodimlari, 17 foizi davlat idoralari va muassasalari xodimlari, 10 foizi jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat.
Bu yil ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov aralash, ya’ni majoritar va proporsional tizim asosida o‘tkaziladi. Ya’ni parlamentimiz quyi palatasi 150 deputatining 75 nafari bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha saylovchilarning bevosita nomzodlarga bergan ovozlariga muvofiq, yana yetmish besh nafari esa yagona saylov okrugi bo‘yicha siyosiy partiyalarga berilgan ovozlarga mutanosib ravishda siyosiy partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlar ro‘yxati asosida saylanadi. Endi saylovchi Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovda ikkita byulleten orqali – birinchisida aniq bir nomzodga, ikkinchisida siyosiy partiyaga ovoz beradi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan viloyatimizda Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi 8 ta saylov okrugi tuzilgan.
Viloyatda saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish ishlari ham bir necha bosqichda olib borildi. Dastlab komissiya raisi va o‘rinbosarlari, kotiblar o‘qitilgan bo‘lsa, keyingi jarayonlarda komissiya a’zolariga bu yilgi saylovning o‘ziga xos xususiyatlari tushuntirildi. Nazariy va amaliy o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

O‘quv-seminarlarda Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan saylov qonunchiligidagi o‘zgarish va qo‘shimchalar, xalqaro tajriba va milliy amaliyot, avvalgi saylovlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularning oldini olish masalalari haqida tushuncha berildi.
– Ayni paytda viloyat hududiy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish bo‘yicha ish olib bormoqda, – deydi X.Muhammadiyev. – Bu jarayon saylovga o‘ttiz besh kun qolganida, ya’ni 21 sentyabrda yakunlanadi va biz bu haqdagi qarorni e’lon qilamiz. Shuningdek, Қонунчилик palatasi hamda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olib, ularga tegishli guvohnomalarni beramiz. Nomzodlar ro‘yxatga olinganidan so‘ng ular saylovoldi tashviqotiga kirishadilar. Bu jarayonni ham Saylov kodeksi talablari va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan nizom va tegishli qaror asosida olib borish yuzasidan komissiya qarori qabul qilinadi.
Aytish mumkinki, saylov kampaniyasi tadbirlarida hal qiluvchi jarayonlar boshlanmoqda. Bunday paytda nafaqat siyosiy partiyalar va nomzodlar, balki har bir saylovchi avvalo o‘z taqdiriga, yurtimiz taraqqiyoti, ertangi kuniga befarq bo‘lmagan holda faol bo‘lishi muhim hisoblanadi. “Mening tanlovim – obod Vatanim” shiori ostida o‘tkazilayotgan bu yilgi saylovdagi tanlovimiz yurtimizning yanada ravnaq topishi, turmushimizning farovonligiga xizmat qilishini unutmaylik.

G‘olib Hasanov, O‘zA muxbiri