Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Siyosiy huquqlar daxlsizligining konstitutsiyaviy kafolatlari
21:01 / 2021-08-19

O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini-o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

(O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32-moddasidan).

Ma’lumki, Istiqlolning dastlabki kunlaridan buyon mamlakatimiz hayotida tub o‘zgarish va islohotlar davri boshlandi. O‘zbekiston milliy demokratik rivojlanishda yangi yo‘lga – adolatli va erkin fuqarolik jamiyati sari qadam qo‘ydi. Inson va jamiyat farovonligi ko‘zlangan, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplariga asoslangan O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilindi.

Mustaqil taraqqiyotimizning o‘tayotgan o‘ttiz yili davomida mamlakat qonunchilik bazasini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklari kafolatini ta’minlash, jamiyatni liberallashtirish, davlat qurilishini demokratlashtirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Izchillik bilan olib borilayotgan islohotlar negizida jamiyatda siyosiy partiyalar rolini yanada kuchaytirish masalalariga alohida o‘rin ajratilganligi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish fuqarolarning siyosiy faolligini sezilarli darajada oshirish, mamlakat hayotida siyosiy partiyalarning o‘rni va rolini kuchaytirish uchun xizmat qilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 34-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar.

Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek, hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas”, deb belgilangan. Bu, albatta, O‘zbekiston fuqarolarining jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqini siyosiy partiyalar orqali amalga oshirish imkoniyatini kafolatlaydi.

Bu normalar o‘z navbatida jamiyatimizda ko‘ppartiyaviylik tizimini shakllantirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasining “Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunlarda, Saylov kodeksi hamda boshqa qonunchilik hujjatlarida siyosiy partiyalar faoliyatining huquqiy asoslari mustahkamlanganligi ularning jamiyat rivojidagi ishtirokida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ta’kidlash joizki, bu normalar o‘zbek davlatchiligining tarixiy an’analariga, zamonaviy davlatchilik va parlamentarizm borasida to‘plangan tajribalarga, rivojlangan davlatlar amaliyotiga to‘liq mos keladi.

Bu yil ilk bor Saylov kodeksi asosida o‘tkazilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovlariga “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori osti kirib kelinmoqda. Bu albatta, ochiqlik, oshkoralik, tenglik va ovoz berishda yashirinlik tamoyillarini yanada demokratlashuvidan daololat beradi. Ayni kunlarda siyosiy partiyalar joriy yil 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda ishtirok etish taraddudida. 14 avgust kuni Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan rasmiy faoliyat yuritayotgan beshta partiyaga saylovda ishtirok etish huquqi berildi.

Bu bilan saylovga kirib borish jarayoni yana bir qadam oldinga siljidi. O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 63-moddasi talablariga muvofiq siyosiy partiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish uchun saylovga kamida yetmish kun qolganiga qadar Markaziy saylov komissiyasiga saylovda ishtirok etish to‘g‘risida partiya rahbari tomonidan imzolangan ariza, siyosiy partiya ro‘yxatga olinganligi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining ma’lumotnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi ma’lumotlarni topshirishi kerak edi.

O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi tomonidan bu hujjatlar belgilangan muddatlarda topshirildi. Markaziy saylov komissiyasi taqdim etilgan hujjatlar asosida partiyaning saylovda ishtirok etishiga ijozat berish to‘g‘risidagi masalani o‘z yig‘ilishida ko‘rib chiqdi va O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasiga saylovda qatnashish uchun ruxsat berildi.
 

Endigi vazifamiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda nomzod ko‘rsatish. Biz imzo varaqalar blankasini oldik va darhol umumiy saylovchilarning bir foizidan kam bo‘lmagan miqdorda nomzodni qo‘llab-quvvatlovchilar imzolarini to‘plashga kirishdik. 6 sentyabr kuniga partiyaning oliy organi – Qurultoyi chaqirildi. Shu maqsadda joylarda partiya tashkilotlarining plenumlari, konferensiyalari o‘tkazilmoqda.

Bu jarayonlarni muvaffaqiyatli amalga oshirganimizdan so‘ng, Markaziy saylov komissiyasiga Siyosiy partiya rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni ro‘yxatga olishni so‘rab Markaziy saylov komissiyasiga yozgan arizasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatilganligi to‘g‘risida Qurultoy bayonnomasi, Qurultoyning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish to‘g‘risidagi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodning o‘z nomzodini ovozga qo‘yilishiga rozi ekanligi to‘g‘risidagi arizasi hamda to‘ldirilgan imzo varaqalari taqdim etiladi.

Markaziy saylov komissiyasi hujjatlarni qonuniy deb topgan holatda, ko‘rsatgan nomzodimiz ro‘yxatga olinadi va bu haqda OAV e’lon qilinadi. O‘sha kundan e’tiboran saylovga bir kun qolgunga qadar targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshiramiz.

Bunday tadbirlarning amalga oshirilishida fuqarolar o‘z xohishlarini erkin bildirishlari lozim. Ularni majburlash, ularga bosim o‘tkazish qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Zero, saylovlarda qonunlarga itoatkorlik fuqarolarimiz siyosiy huquqlari daxlsizligining konstitutsiyaviy kafolatidir.

Abdukamol RAHMONOV,

O‘zbekiston “Adolat” SDP

siyosiy kengashi raisi o‘rinbosari.

O‘zA