Demokratik huquqiy davlatni qurish bir necha bosqichlardan iborat bo‘lib, bu bosqichlarning qanday usullar va texnologiyalar asosida tashkil etilganligi uning samarali va uzoq faoliyat ko‘rsatishiga katta ta’sir ko‘rsatadi.
Har qanday jamiyatda demokratiya tamoyillarini joriy etishda saylovlarning o‘rni va ahamiyati muhim hisoblanadi. Boshqaruvning boshqa turlaridan farqli o‘laroq, demokratiya fuqarolarning manfaatlari va qarashlarini o‘zida ko‘proq mujassam etishi bilan ajralib turadi.
Bu jarayonda saylovlar va unga xos bo‘lgan siyosiy texnologiyalarni amaliyotda qo‘llash demokratiya mustahkamligining asosi bo‘lib xizmat qiladi. Saylovlarning haqqoniyligi, shaffofligi uni tashkil etish texnologiyalari hamda bir necha siyosiy, ijtimoiy omillarga bog‘liqdir. Bular, avvalo:
saylovlarda fuqarolarning ishtiroki, ularning saylovga bo‘lgan munosabati;
saylovlarni tashkil etish va e’lon qilish tartibi;
saylovlar davrida siyosiy tashviqot-targ‘ibot tartiblarini amalga oshirish yo‘li bilan;
siyosiy debatlar, ya’ni, saylovlarda siyosiy nomzodlarning elektorat bilan uchrashuvlari orqali.
Siyosiy debatlar saylovlarning samaradorligi va uning yakuniy natijalariga ta’sir etuvchi eng ilg‘or siyosiy texnologiya hisoblanadi. Debat (yunoncha – bahs, tortishuv) aniq tuzilgan va maxsus tashkillashtirilgan jamoatchilik fikrining almashuvi, dolzarb mavzular bo‘yicha ikki tomon o‘rtasidagi bahs.
Ushbu turdagi ommaviy munozaralar ishtirokchilari uchinchi tomonni bir-birlariga emas, balki o‘zlarining haq ekanliklariga ishontirishlarini ta’minlashga qaratilgan. Debat ishtirokchilari tomonidan ishlatiladigan og‘zaki va og‘zaki bo‘lmagan vositalar, qo‘yilgan muammo bo‘yicha tinglovchilar o‘rtasida ma’lum fikrni shakllantirishga qaratilgan. Debat tushunchasining asosida prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi siyosiy muhokamalari tushuniladi.
Prezident saylovlarida debatlar muhim bosqich sifatida talqin etiladi. Chunki, siyosiy debatlarda siyosiy nomzod to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektorat bilan birga «ochiq muloqot maydoni»ga kiradi.
Siyosiy debatlar davomida har bir mamlakatda faoliyat ko‘rsatayotgan siyosiy partiyalar va nomzodlar siyosiy dasturlaridan kelib chiqqan holda debatga kirishib, o‘z pozitsiyalarini himoya qiladilar. Bu siyosiy debatning o‘ziga xos etikasi hisoblanadi.
Debatlarni tashkil etish va o‘tkazish o‘ziga xos qonuniyatlarga ega:
Birinchidan, siyosiy debatlarda ikki yoki undan ortiq tomonlarning ishtiroki lozim bo‘ladi.
Ikkinchidan, siyosiy debatlar davomida ko‘tarilgan mavzular, avvalo, elektoratning oldida turgan eng dolzarb muammolardan kelib chiqishi lozim.
Uchinchidan, debatlarda siyosiy nomzodning yoki uning ishonchli vakilining ishtiroki.
Mutaxassislarning fikricha, bu jarayonning o‘ziga xos jihatlari shundaki, nomzodning shaxsan ishtiroki saylovchilarda unga nisbatan ijobiy yoki salbiy munosabatlarning shakllanishiga olib keladi va ovoz berish kuni g‘alabani ta’minlash yo‘lidagi asosiy omil bo‘lishi bilan alohida e’tiborga molikdir.
Nomzodning ishonchli vakili nomzodga tegishli dastur asosida faoliyat olib boradi.
To‘rtinchidan, debatlarda ishtirokchilarga bir xil efir vaqti belgilanishi lozim. Efir vaqtining taqsimoti moderator tomonidan belgilanib, hamma ishtirokchilarga bir xil taqsimlanadi.
Odatda, siyosiy debatlarda ishtirokchilarning javoblari va taqdimotlari vaqti 6 daqiqadan iborat bo‘ladi. Berilgan savollarga tayyorlanish vaqti 1 daqiqani tashkil etadi. Javob berish navbati moderator tomonidan belgilanadi. Yakuniy tasdiqlash yoki inkor etish vaqti 3 daqiqadan iboratdir.
Debatlar davomida tomonlar bir-birlariga ko‘tarilayotgan muammo yoki vaziyat yuzasidan tayyorgarligini tekshirish uchun axborot so‘rovini amalga oshirishi mumkin. Uning vaqti 15 sekundni tashkil etishi kerak.
Beshinchidan, teledebatlar «doira stoli», press-konferensiya yoki teleko‘rsatuv (tok-shou) shaklida tashkil etiladi. Albatta, bu jarayonlar teleboshlovchi (moderator) tomonidan tartibga solinadi.
Oltinchidan, odatda, debatlar nomzodlarning «yuzma-yuz» debati usulida tashkil etilib, unda saylovchilarning ishtirokini ta’minlash kerak. Bunda nomzodlar jamiyat oldida turgan muhim muammolar yuzasidan o‘z dasturlaridan kelib chiqib, uni yechish yo‘llarini ko‘rsatib beradilar.
Yettinchidan, uchrashuv davomida debat o‘tkazish va unda ishtirok etish hamda savol berish etikasiga qat’iy amal qilish alohida o‘rin egallaydi.
Dunyoda birinchi marta siyosiy debatlarning shakllanishi AQSH va undagi prezidentlik saylovlarining rivojlanishi bilan bog‘liqdir. AQSHda prezidentlik saylovlarida debatlar eng kuchli siyosiy texnologiya sifatida e’tirof etiladi.
Aytish joizki, siyosiy debatlarning o‘tkazilish tartibi biron bir mamlakat konstitutsiyasida belgilab qo‘yilmagan.
AQSHda 1988 yilgacha bo‘lib o‘tgan barcha prezidentlik saylovlaridagi debatlar «Xotin-qizlar saylovchilari ligasi» tomonidan tashkillashtirilgan.
1988 yildan e’tiboran ushbu tashkilot nomzodlar tomonidan ilgari surilgan ayrim g‘oyalarning debatda yolg‘on ma’lumotlar sifatida tarqatilishiga olib kelishi natijasida prezidentlik saylovlarida debatlarni tashkil etishdan bosh tortib kelmoqda. Ayni paytda, ushbu vazifani «Prezident saylovlari debatlari bo‘yicha komissiya» amalga oshirilmoqda.
Hozirgi kunda siyosiy debatlarning 2 ta modeli ajratiladi:
1. Amerika modeli – siyosiy jarayonlarni turli namoyishlar (shou-biznes) orqali tashkil etish tartibi;
2. G‘arbiy Yevropa modeli - saylovlarda neytral pozitsiyani saqlagan holda, tartibli, qonuniy tarzda o‘z dasturini elektoratga yetkazish tartibi.
Siyosiy debatlarda ikki yoki undan ortiq guruhlar ishtirok etadi. Ikki taraf o‘z manfaatlarini himoya qilgan holda o‘z qarashlarini ifoda etadilar. Bu siyosiy debatning muhim va yuqori nuqtasi hisoblanadi.
Siyosiy texnologlarning fikriga ko‘ra, nomzodning fuqarolar bilan uchrashuvlari, xususan, siyosiy debatlar saylovning natijaviyligiga ta’sir ko‘rsatuvchi omil hisoblanadi. Buning asosiy sababi, elektorat o‘zlarining qarashlari va manfaatlariga mos bo‘lgan nomzod bilan «yuzma-yuz» uchrashadi va bu ularning ongli tanloviga ta’sir ko‘rsatadi.
Debatlar davomida nomzodlar o‘zlarining tashqi ko‘rinishlari (imiji) bilan bir qatorda, nomzodlikka da’vogarlik xususiyatlari bilan ishtirok etadilar va bu o‘zlarining saylovlardagi g‘alabasini keng omma nigohida yoki mustahkamlab, yoki qo‘ldan boy berishiga sabab bo‘ladi. Bunda nomzodning siyosiy bilimdonligi, muloqotga kirishuvchanligi, notiqligi muhimdir.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, debatlar saylovda nomzodlar uchun imtihonga o‘xshaydi, debatlar saylov natijasiga katta ta’sir ko‘rsatadi. Bu, ayniqsa, saylovlarda birinchi bor ishtirok etayotgan siyosiy nomzodlar uchun alohida ahamiyat kasb etadi.
Masalan, 1980 yilda AQSHdagi prezident saylovlari kampaniyasi davomida kasbi muhandis bo‘lgan J.Karter auditoriya bilan ishlash qobiliyatiga ega emasligi bois oddiy hikoyachi bo‘lgan, hamma qatlam vakillariga mos muloqotga (manipulyatsiya) ega, «eng yoshi ulug‘» D.Reyganga debat davomida yutqazib qo‘ygan.
Debatlarning yana bir o‘ziga xos jihati shundaki, mamlakatda demokratik me’yorlarga amal qiluvchi muxolifatning shakllanishiga hamda o‘zini namoyon qilishiga olib keluvchi ko‘prik sifatida talqin etilishidadir.
Xulosa o‘rnida aytish lozimki, demokratiyaning davlat va jamiyat hayotida mustahkamlanishi bevosita o‘tkazilayotgan saylovlarning qanday tashkil etilishiga bog‘liqdir. Zero, xalqning manfaatlari va qarashlarini ifodalagan demokratiya barqaror va bardavom bo‘ladi.
G‘olibjon Muhammadjonov,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bo‘lim mudiri