Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Siyosatshunos olimning “O‘zbekiston Respublikasi va jahon hamjamiyati” nomli kitobining taqdimoti o‘tkazildi
19:12 / 2024-09-13

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasida siyosiy fanlar doktori, professor Qodir Jo‘rayevning “O‘zbekiston Respublikasi va jahon hamjamiyati” nomli kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot tadbiriga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi  deputatlari, olimlar, siyosatshunoslar, davlat va jamoat arboblari,  ekspertlar, talaba-yoshlar taklif etildi.  

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi direktori Umida Teshaboyeva bu kabi taqdimot anjumanlari siyosiy, ilmiy-ommabop, publitsistik adabiyotlarni kitobxln yoshlarga keng va atroflicha, to‘laqonli tanishtirishda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.  

– Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizdagi siyosiy jarayonlar tubdan o‘zgarmoqda, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo  aloqalar qo‘mitasi raisi Dilorom Fayziyeva. – Bugun O‘zbekiston jahon miqyosida qanday o‘ringa ega? Uning jahon hamjamiyatidagi mavqei qanday? Qodir Jo‘rayevning “O‘zbekiston Respublikasi va jahon hamjamiyati” deb nomlangan kitobida shu savollarga keng va atroflicha javob topish mumkin.

Muallif Qonunchilik palatasida ko‘p yillardan buyon samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Mazkur kitobda uning 100 dan ortiq maqolalari kiritilgan. Bu maqolalar kompyuterda ham qolib ketishi mumkin edi, lekin ularning kitob holida chop etilgani mamlakatimizda kechayotgan keng qamrovli ijobiy o‘zgarishlarni, yangilanishlarni, tashqi siyosatdagi ijobiy qadamlarni o‘quvchilar ommasiga yetkazib berishda katta ahamiyatga ega ekani bilan diqqatga sazovordir. Ayni paytda kitobda parlamentning tashqi siyosatdagi tobora ortib borayotgan o‘rni, faoliyati ham batafsil yoritilgan. Kitob O‘zbekistondagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlar haqida batafsil ma’lumot beradi.  

[gallery-19263]

– “O‘zbekiston Respublikasi va jahon hamjamiyati” mavzusi biz uchun  nisbatan yangi mavzu,– dedi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiyasi universiteti professori, falsafa fanlari doktori Saidmuxtor Saidqosimov. – Bu mavzuga Prezidentimiz tashabbuskor bo‘lganlar. Kim qayerda ishlashidan qat’iy nazar, bugungi kunda “O‘zbekiston va jahon”, “O‘zbekiston qaysi davlatlardan oldinda, qaysi davlatlarga yetib olishi kerak, yana qaysi masalalarni hal etish kerak?” kabi savollar yuzasidan fikrlashi g‘oyat muhimdir. Kitob O‘zbekistonning taraqqiyot odimlariga nazar tashlash, kelgusidagi istiqbolli vazifalar nimalardan iborat ekani haqida to‘laqonli ma’lumotlarga ega bo‘lishda katta ahamiyat kasb  etadi.  

Darhaqiqat, Qodir Jo‘rayevning “O‘zbekiston Respublikasi va jahon hamjamiyati”  deb nomlangan kitobi sodda, ravon, ilmiy jihatdan takomillashtirilgan maqolalarni o‘zida jamlagan.  Ushbu maqolalar turli yillarda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi – O‘zA, “Adolat”, “Xalq so‘zi”, “Yangi O‘zbekiston” kabi yetakchi ommaviy axborot vositalari, “Xalqaro munosabatlar”, “Ijtimoiy fikr”, “Qalqon”, “Huquq va burch”, “Jamiyat va boshqaruv”, “Fuqarolik jamiyati”,  “Demokratlashtirish va inson huquqlari” kabi nufuzli jurnallarda doimiy nashr etib kelingan.

Anjumanda e’tirof etilganidek, 100 ga yaqin saralangan maqolalar jamlangan mazkur ilmiy-ommabop to‘plam mamlakatimizning tashqi siyosati va xalqaro munosabatlarni yoritib bergan yangi manba sanaladi. Taqdimot marosimi ishtirokchilarining fikricha, mazkur kitob mamlakatimiz tashqi siyosatining keyingi yillardagi zamonaviy tendensiyalarini o‘rganishda muhim qo‘llanmadir. Uni yangi O‘zbekiston ko‘p vektorli tashqi siyosiy faoliyatiga tutilgan ko‘zgu, deb ta’riflash mumkin.

Darqaqiqat, kitobni  2016—2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatidagi eng muhim voqealarnining o‘ziga xos solnomasi, atash mumkin.  Muallif O‘zbekistonni hamkor davlatlar va xalqaro tashkilotlar ikki va ko‘p tomonlama hamkorlik aloqalarini zamonaviy xalqaro munosabatlar kontekstida mukammal ochib beradi.  

Muallif Prezident Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi va mislsiz sa’y-harakatlari o‘laroq, jahonning turli mamlakatlari, xususan, qudratli kuch markazlari bilan muvozanatli, teng huquqli  va o‘zaro manfaatli aloqalar o‘rnatib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasining keyingi yetti-sakkiz yil davomidagi xalqaro maydonda erishayotgan yutuqlari sabablarini batafsil ochib bergan.    

– “O‘zbekiston Respublikasi va jahon hamjamiyati” deb nomlangan kitobda mamlakatimizdagi izchil, konstruktiv, progressiv, tinchliksevar siyosat chuqur tahlil etilgan, – dedi asar muallifi, siyosiy fanlar doktori, professor Qodir Jo‘rayev. –  So‘nggi yillarda O‘zbekistonda olib borilayotgan  tashqi siyosat tufayli uning dunyo miqyosidagi imiji yuksaldi. Jahon mamlakatlari bilan aloqalari yaxshilandi. Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida qulay, o‘zaro ishonchga, hurmatga asoslangan munosabatlar shakllandi. Bu muhit endilikda jahonda “Markaziy Osiyo ruhi” deb e’tirof etilmoqda. Avvallari O‘zbekiston jahonda kuzatuvchi sifatida tanilgan bo‘lsa, endilikda Vatanimiz  o‘z obro‘si, nufuzi, o‘z so‘zi, nuqtai nazariga ega bo‘lgan davlatga aylandi. Mamlakatimiz yuritayotgan tashqi siyosatni ikki so‘z bilan – tinchlik va hamkorlik, degan so‘zlar bilan ta’riflash mumkin. Kitob mamlakatimizdagi yangilanish jarayonlari, tashqi siyosatidagi ijobiy o‘zgarishlarning mohiyatini ochib berishga qaratilgan.  

Mazkur kitob tashqi siyosat va xalqaro munosabatlar sohasida tahsil olayotgan talabalar, shu mavzuga ixtisoslashgan jurnalistlar, tadqiqotchi olimlar uchun foydali manba bo‘lib xizmat qiladi.  

Taqdimot tadbirida yurtimizda bugungi kunda kechayotgan tub ijobiy o‘zgarishlar, tashqi siyosatdagi yangilanish jarayonlari, O‘zbekistonning jahon hamjamiyatidagi o‘rni va mavqei, yangi asarning ahamiyati xususida keng va atroflicha fikr yuritildi. Samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda kitobxonlar, talaba-yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.  

Nazokat Usmonova, Rustam Nazamatov (surat), O‘zA muxbirlari