English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Siyosatni anglamay turib, siyosat haqida aytib bo‘lmaydi (+video)
13:17 / 2023-09-02

Bugungi globallashuv zamonida, tezkor davrda xalqaro maydonda yuz berayotgan muhim, dolzarb voqealar bisyor. O‘zA odatda o‘quvchilar uchun eng qiziqarli bo‘lgan mavzularga murojaat qiladi.

“Xalqaro sharh” loyihasining navbatdagi sonida dunyoda sodir bo‘layotgan hodisalar tafsilotini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Xalqaro Antik dunyo akademiyasining akademigi, taniqli siyosiy sharhlovchi Qobilbek Karimbekov bilan birgalikda tahlil qilamiz.

– Ayni kezlarda yurtimizda Istiqlol shukuhi kezib yuribdi. Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan odilona siyosatning natijasi o‘laroq, bugun Yangi O‘zbekistonning barcha hududlarida bunyodkorlik, yangilanishlarni ko‘rib ko‘z quvnaydi. Shunday dilgir kezlarda qalbingizda nimalar kechmoqda?

– Aytadigan gaplarim juda ko‘p. Ta’bir joiz bo‘lsa, bir, ikki kitobga sig‘gulik fikrlar. Yaqin oylar ichida o‘lkamizning ko‘pgina viloyatlariga safar qildim. Ayniqsa, vodiy safari menda katta taassurot qoldirdi. Mana hammamiz “Yangi O‘zbekiston” deyapmiz, “Uchinchi renessans” deyapmiz, albatta, buning poydevorini qurish oson bo‘lmaydi. Bu poydevor uchun esa juda katta salohiyat, yuksak bilim, tafakkur kerak. Shuningdek, sarmoya ham zarur. Bunga balki 30 yil kerakdir, balki 50 yil kerakdir. Agar avvalgi renessanslar tarixiga nazar tashlasak, ularga yuz yillab vaqt kerak bo‘lgan. Shuni alohida aytmoqchimanki, “Uchinchi renessans”ning ildizi bu, albatta, zakovatli yosh avlod vakillaridir. Hurmatli Prezidentimiz ham bir necha bor “Bizning najotimiz, bizning kelajagimiz – ilmda, bilimda, tafakkurda, ta’limda” deb ko‘p ta’kidlaydilar. 

Savolingiz bo‘yicha birinchi xulosam shuki, O‘zbekiston o‘zining bor salohiyatidan samarali foydalanishi kerak. Potensial deymizku, shunga o‘xshash. Masalan, Yaponiyani olaylik. U davlatda hech qanday tabiiy boylik yo‘q, lekin uning bor boyligi – yapon xalqi. Qariyb yuz foiz tabiiy boyliklarni import qiladi. Janubiy Koreya ham shunga o‘xshash. Singapurni olaylik, uning maydoni kichik bo‘lishiga qaramay, uning bugungi taraqqiyot mo‘’jizasini kim yaratdi? O‘z xalqi yaratdi. Zakovatli xalqi bir tanu bir jon bo‘lib, birlashib amalga oshirdi. Endi shu o‘rinda savol tug‘iladi: O‘zbekistonning boshqa davlatlardan nima kami bor? Vatanimizning hech qayerdan kam joyi yo‘q. Hatto aytish mumkinki, O‘zbekistonda Mendeleyev jadvalidagi hamma unsur bor. 

Ikkinchidan, bizning boyligimiz – bag‘rikeng, qorako‘z xalqimiz. Mana yaqinda Konstitutsiyamiz ham yangilandi. Bu kim uchun? Xalqimizning manfaatlari uchun. Hammasi inson qadrini oshirish uchun. 

Uchinchi xulosam, kechagi yutuq endi bu o‘z nomi bilan kechagi yutuq. U shonli tariximizni bezab turadi. Biz endi yangi marralar bilan, yangi maqsadlar bilan bugungi va ertangi kun yutuqlarini ko‘zlab, yangi rejalar bilan, yangicha tashabbus va g‘oyalar bilan olg‘a boraverishimiz kerak. 

– Odamlar ongi, dunyoqarashining shakllanishida, hatto u yoki bu g‘oyalar ta’siriga tushib qolishida axborotning o‘rni beqiyos. Ayniqsa bu bugungi globallashuv davrida yaqqol seziladi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi, bugungi kunda dunyo mamlakatlarida siyosiy sharhlovchilarga qo‘yilayotgan talablar nimalardan iborat va ular bu vazifani qay darajada uddalamoqda?

– Siyosatda har doim ham pozitsiyalar aniq bo‘lmaydi. Lekin xulosa xolis bo‘lishi shart. Bu siyosiy jurnalistdan faqatgina xabarlar uyumini tomoshabinga yetkazish bilan belgilanmaydi. Bu biroz murakkab, bahsli jarayon. Ya’ni har bir informatsiyaga xolis tahliliy ko‘z bilan qarash, shu barobarida voqelikning ildizi va keyingi jarayonlari xususida tomoshabinga tushuntirib bera olishi shart. Siyosatni bilmasdan, uning tub mohiyatini anglamay turib, siyosat haqida yozib bo‘lmaydi, aytib bo‘lmaydi.

Ba’zida menga g‘alati tuyulayotgani, bir ikki marta televideniyeda yoki ijtimoiy tarmoqlarda ozgina siyosat haqida gapirgan odamning tagiga “siyosiy sharhlovchi” deb yozib qo‘yilmoqda. Agar shunga loyiq bo‘lsa marhamat. Lekin men ko‘rgan siyosiy sharhlovchilar Shuhrat Qosimov, Tal’at Soliyev, Mahkam Rixsiyev, Diyor Tursunov, Haydar Isroilov, Muyassar Saidxonova, Shavkat Yahyoyev, Erkin Hayitboyev… Bu insonlar haqiqatda o‘z vaqtida o‘z sohasining ustasi bo‘lishgan. Ular endi tarixda qoldi. Bugungi siyosiy sharhlovchilardan esa negadir mening ko‘nglim to‘lmaydi. Hatto ayrimlari og‘ziga kelgan gapni yozmoqda, aytmoqda. Ha, desang, blogerman deydi. Yetti o‘lchab, bir kesmoq kerak bu sohada. Bittasi tunov kuni qaysidir saytda Afg‘oniston haqida gapirayotganda “afg‘on millati” deb gapirdi. Afg‘on degan millat nomi yo‘q, afg‘on xalqi bor. Yoki Yaqin sharq masalasida ham ko‘p xalqaro sharhlarda xato ketib qoladi. Siyosiy sharhlovchiman degani geografiya va tarixni zo‘r bilishi kerak. Chuqur bilib, o‘rganib, keyin gapirishi kerak. 

Shu o‘rinda bir voqeani aytib o‘tsam. Yaqinda O‘zJOKU universitetining “Jurnalistika” yo‘nalishiga hujjat topshirib, ijodiy imtihonda qatnashayotgan bir abituriyentga: “O‘zbekistonga qo‘shni davlatlarni sanab bering” deb savol bersam, “voy domla, menga bunday og‘ir savol bermang” deydi. Bolaga achindim. Bular endi qanday qilib vatanimizning qo‘shnilarini bilmay, jurnalistikaga topshirmoqdalar?! Masala shu yerda. Yaxshi bir yetuk jurnalist bilan imtihon olayotgan edik, boshqa bir abituriyentga qarata: “bu kishini taniysizmi?” desam, “ashula aytadilarmi” deydi. Bu yetuk jurnalist Muhammadjon Obidov edi. Bu jurnalistni tanimagan, bilmagan odam o‘lkamizda topilmasa keragov. Ko‘pchilik taniydi. Bu bilan men yoshlarni butunlay tanqid qilmoqchi emasman. Lekin jurnalistika olamiga qadam qo‘yayotgan yoshlar gazeta o‘qimaydimi yoki televizor ko‘rmaydimi? 

Menga ba’zida sensatsion gap aytib qolishsa, yo‘q, to‘xta, avval rasmiy hujjatni o‘qib keyin gapiraman deyman. Sanamay sakkiz demaslik kerak chunki. Hatto 10 ta joydan to‘liq ma’lumot olib, keyin xalqqa yetkizaman. Alam qiladigan tomoni, ayrim jurnalistlarimiz TVda yoki har xil ijtimoiy tarmoqlarda bir, ikki marta chiqish qilib, katta arboblardan intervyular olgandan so‘ng bosar tusarini bilmay qoladi. “Yulduzlik kasali”ga uchrab qoladi.

Ushbu suhbatning to‘liq shaklini O‘zAning “YouTube” kanalida ko‘rishingiz mumkin.

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Xt4kcCspd4M?si=4xedbgF_A1WI4vsQ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

O‘tkir ALIMOV suhbatlashdi.