O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika Kengashi tomonidan 30 iyun — “Yoshlar kuni” munosabati bilan Taxtako‘pir tumanidagi 17-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida partiyaning “Yoshlar qanoti” a’zolari o‘rtasida "Siyosatdagi yoshlar" intellektual turniri o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari Taxtako‘pir tuman Kengashi deputatlari, Yoshlar parlamenti a’zolari, partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi mas’ul xodimlari, partiya faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yig‘ilganlarni 30 iyun – "Yoshlar kuni" bayrami bilan tabriklab, barcha ishtirokchilarga muvaffaqiyatlar tilashdi.

Ta’kidlanganidek intellektual turnirni o‘tkazishdan asosiy maqsad, yoshlarning siyosiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularning siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishini ta’minlash, yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini aniqlash va ularni qo‘llab-quvvatlashdir.
O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni amaliyotga tatbiq etishda partiya safidagi yoshlarning salohiyatidan foydalanish, yuksak siyosiy bilim va tashkilotchilik qobiliyatiga ega bo‘lgan yoshlarni aniqlash, iste’dodlarini ro‘yobga chiqarish muhim ahamiyat kasb etadi.
Intellektual turnirda yoshlardan iborat jamoalar 2 ta shartda o‘z bilimlarini sinovdan o‘tkazdi. "Tezkor savol-javob" deb nomlangan birinchi shartda ishtirokchilar tez va aniq javob berish orqali davlat boshqaruvi, siyosiy jarayonlar va qonunchilikka oid tuzilgan savollarga javob berib, o‘zlarining bilim va tez fikrlash qobiliyatlarini namoyish etishdi.
Ikkinchi "Siyosiy tezkor javob berish" shartida esa O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi "Siyosiy partiyalar to‘g‘risida"gi, Saylov, Oila hamda Mehnat kodekslari bo‘yicha tuzilgan savollarga javob berish bo‘yicha o‘zaro bellashdilar.
Yuqori saviyada o‘tgan intellektual turnir yakunlariga ko‘ra, "Universal" jamoasi birinchi, "Taxtko‘pir" jamoasi ikkinchi, "Dao‘ir" jamoasi esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
G‘oliblar partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi tomonidan tayyorlangan maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanishdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri