Sirtqi taʼlimdan kunduzgiga oʻqishni koʻchirish mumkinmi?
Shu oʻrinda koʻpchilik talabalar bir savolga oydinlik kiritishimizni soʻrab, murojaat qilishmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 20.06.2017-yildagi 393-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizomga asosan, 15-iyuldan boshlab talabalarning oʻqishini koʻchirish va qayta tiklash boʻyicha arizalar qabul qilish jarayoni boshlandi. Arizalar 5-avgustgacha qabul qilinadi.
Joriy yilgi pandemiya bilan bogʻliq vaziyatni hisobga olib, talabalardan oʻqishni koʻchirish va qayta tiklash boʻyicha arizalar http://transfer.edu.uz portali orqali onlayn qabul qilinmoqda.
Shu oʻrinda koʻpchilik talabalar bir savolga oydinlik kiritishimizni soʻrab, murojaat qilishmoqda. Yaʼni sirtqi taʼlimda tahsil olayotgan talaba kunduzgi taʼlimga oʻqishini koʻchirishi mumkinmi?
Javob: ha, mumkin.
Asos: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-sonli qarorining 8-bandida Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) va kechki (smenali) taʼlimni tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida” 2017-yil 21-noyabrdagi 930-son qaroriga 1-ilovaning 12-bandi quyidagi tahrirda bayon etilishi begilangan:
“12. Sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimdan kunduzgi taʼlimga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimning bir taʼlim sohasidan ikkinchisiga koʻchirishga ruxsat beriladi”.
Mazmundan koʻrinib turibdiki, ushbu oʻzgarish asosida joriy yildan boshlab sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimdan kunduzgi taʼlimga koʻchirishga ruxsat berilgan.
Muammo: Taʼkidlash joiz, yuridik texnika nuqtayi nazaridan mazkur oʻzgarish kiritilayotganda qaror loyihasini tayyorlaganlar bir kichik jihatni unutib qoldirishgan. Talabalarning oʻqishini koʻchirish bilan bogʻliq jarayonlar Vazirlar Mahkamasining maqolamiz avvalida eslab oʻtilgan umuman boshqa bir qarori asosida tartibga solinadi. Ammo sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimdan kunduzgi taʼlim shakliga oʻqishni koʻchirishga ruxsat berilganligiga oid oʻzgarish oʻsha asosiy qarorga kiritilmay qolgan. Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 9-bandiga haligacha oʻzgarish kiritilmagan va bu bandda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimdan kunduzgi taʼlimga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimning bir taʼlim sohasidan ikkinchi taʼlim sohasiga oʻqishni koʻchirish haqidagi arizalarga rad javobi berilishi belgilangan.
Yechim: Koʻrib turganingizdek, Vazirlar Mahkamasining qarorlarida 2 xil qoida belgilangan, birida sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimdan kunduzgi taʼlimga oʻqishni koʻchirishga mumkin deyilgan, ikkinchisida mumkin emas, deyilgan. Bunaqa vaziyatda yechim qanday boʻladi? Yaʼni qaysi qaror amalda qoʻllanilishi kerak?
Buning javobini “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonundan topamiz. Mazkur qonunning 16-moddasiga koʻra, teng yuridik kuchga ega boʻlgan normativ-huquqiy hujjatlar oʻrtasida tafovut boʻlgan taqdirda keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi. Biz koʻrib chiqayotgan masalada farq mavjud boʻlgan ikkala hujjat ham “teng yuridik kuchga ega”, yaʼni ikkalasi ham Vazirlar Mahkamasining qarori. Agar mabodo biri Vazirlar Mahkamasining qarori, ikkinchisi Prezident qarori boʻlganda, unda shubhasiz Prezident qaroridagi qoida amal qilgan boʻlar edi. Bu shunchaki maʼlumot uchun.
Qonun talabidan kelib chiqsak, keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qilishini bilib oldik. Demak, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-sonli qarori bilan belgilangan qoida kuchga ega boʻladi.
Xulosa: talabalar joriy yildan boshlab belgilangan tartiblarga amalga qilgan holda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimdan kunduzgi taʼlimga hamda sirtqi (maxsus sirtqi) taʼlimning bir taʼlim sohasidan ikkinchisiga oʻqishini koʻchirishi mumkin.