Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universitetida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Saidov ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
“Ma’rifat ulashib” loyihasi doirasida tashkil etilgan uchrashuvda Prezidentimiz g‘oyasi bilan mamlakatimizda nafis adabiy-badiiy muhit yaratilib, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatiga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Yosh avlodning ma’naviy kamolotida adabiyotning o‘rni haqida fikr almashildi. Sirojiddin Saidov o‘zining bolalik va talabalik yillaridan, ilk ijodiy izlanishlaridan qiziqarli xotiralarni so‘zlab berdi. Ona Vatanni, muhabbat va sadoqat, yoshlik, umr fasllari avj pardalarda tarannum etilgan she’rlaridan namunalar o‘qidi. Ijodkor talabalarga maslahat va tavsiyalarini bildirdi. Universitet kutubxonasiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan 500 dona eng sara kitoblar to‘plamini sovg‘a qildi. Talabalarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.




Uchrashuv yakunida O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Saidov “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tadbir ishtirokchilari bilan universitet hududidagi “Adiblar xiyoboni”ga daraxt ko‘chati o‘tqazdi. Oliy ta’lim muassasasida talabalarga yaratilgan zamonaviy sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri