Kunduzi ellik daraja issiq, tunda esa birdaniga nol daraja sovuq. Tasavvur qiling: bepoyon qumlik sizni o‘rab olgan. Kun bo‘yi issiqdan tanangiz kuyadi, kechasi esa sovuqdan titraysiz.
Bugun Yer yuzidagi eng katta cho‘l — Sahroyi Kabir haqida gaplashamiz. Bu yerda tirik qolish juda qiyin. Tirik qolganlar hikoyasi go‘yoki afsonadek.
Masalan, 1994 yilda italiyalik sportchi Mauro Prosperi musobaqa vaqtida qum bo‘ronida yo‘ldan adashdi. To‘qqiz kun davomida u butunlay yolg‘iz qoladi. Suv yo‘q, ovqat yo‘q… faqat sahro. U tirik qolish uchun hamma narsa qiladi. Hatto ochlikdan o‘lmaslik uchun ko‘rshapalaklarning qonini ichgani haqida ham faktlar mavjud. Nihoyat, yolg‘izlikning 9-kunida chorvadorlar uni topib, hayotini saqlab qolishadi.
Sahro inson ruhiyatini ham sindirishga urinadi. 1935 yilda mashhur yozuvchi Antuan de Sent-Ekzyuperi samolyot halokatidan so‘ng Liviya cho‘lida bir necha kun yashash uchun kurashgan. Suvsizlik, gallyutsinatsiyalar… va sahroda uchragan odamning bir qultum suvi unga mo‘’jiza bo‘lib tuyulgan. Ana shu xotiralar keyinchalik “Kichkina shahzoda” asarida o‘z aksini topdi.
Ba’zi hikoyalar esa fojea bilan yakun topgan. 1943 yilda AQSHning “Lady Be Good” samolyoti cho‘lga qulagan. Ekipaj a’zolari suv va yo‘l-yo‘riqsiz yuzlab kilometr yurishga majbur bo‘lishdi. Ko‘pchiligi omon qolmadi… Ularning taqdiri cho‘lning shafqatsizligini abadiy eslatib turadi.
Sahroyi Kabir — xatolarni kechirmaydigan joy. Lekin kimdir bu sinovdan o‘tadi, kimdir esa yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, bir narsani unutmaylik: bu cho‘l hamisha bizga bir saboqni uqtiradi… suv — bu hayot, yo‘lni topish — najot kaliti, va iroda — eng katta qurolimizdir.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/2LKkt-ru_rE?si=HVs4JYILt3LL0CGg" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Iroda Jo‘rayeva, Iskandar Ismatov, O‘zA