Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Sirli mijoz” nazorat tadbirlari qanchalik samarali?
15:54 / 2022-02-21

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Markaziy bank departament direktori Akmal Nazarov iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasidagi ishlar haqida ma’lumot berdi.

O‘tgan yil davomida Markaziy bankning bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish borasidagi faoliyati sohaga oid yangi me’yoriy hujjatlarni ishlab chiqish hamda amaldagilarini takomillashtirish, xorijiy kompaniya va ekspertlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, shuningdek, kredit tashkilotlari faoliyatini tizimli nazorat qilish orqali aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirildi. 

Xususan, 2018 yil 2 iyulda davlat ro‘yxatiga olingan “Bank xizmatlari iste’molchilari bilan o‘zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risida”gi nizomga yangi qoidalar kiritildi. 

Unga ko‘ra, barcha banklar iste’molchilarga omonat va kreditlar bo‘yicha asosiy shartlarni bir xil shaklda taqdim etishi, bankning masofaviy xizmat ko‘rsatish tizimlari orqali ko‘rsatilayotgan xizmatlari bo‘yicha shartnoma shartlari bilan oldindan tanishib chiqish va nusxa olish imkoniyatini yaratib berishi, hamda bank kartalari egalarining qonuniy manfaatlarini ta’minlashi belgilab qo‘yildi. 

Moliyaviy tashkilotlar va iste’molchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarda raqamli moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish bilan bog‘liq xatarlarni kamaytirish maqsadida “Raqamli moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquq va manfaatlarini himoya qilish standartlari” ishlab chiqildi. 

Mazkur standartlar raqamli moliyaviy xizmatlar iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlash,  moliyaviy tashkilotlar va raqamli moliyaviy xizmatlar iste’molchilari o‘rtasidagi raqamli moliyaviy xizmatlar bilan bog‘liq o‘zaro munosabatlarda adolatsiz amaliyotlarning oldini olish va raqamli moliyaviy xizmatlardan foydalanishda iste’molchilar uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarni kamaytirishga xizmat qiladi. 

Shuningdek, tijorat banklari va mikrokredit tashkilotlari bilan qarz oluvchi-jismoniy shaxslar o‘rtasidagi iste’mol krediti hamda mikroqarz ajratish bilan bog‘liq munosabatlarda qo‘llash uchun kredit portfeli sifatini yaxshilash, qarz oluvchilarning kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichini mas’uliyatli baholab, kelgusida qarzdorlar tomonidan to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar yuzaga kelmasligini ta’minlash va ularni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yaratish maqsadida “Mas’uliyatli kreditlashning umumiy tamoyillari” ishlab chiqildi. 

Bank xizmatlari iste’molchilariga barcha tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslar uchun taklif etilayotgan moliyaviy xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish hamda ularni taqqoslash imkonini beruvchi www.bankxizmatlari.uz axborot portali ishga tushirildi. 

Mazkur portal foydalanuvchilarga tijorat banklarining moliyaviy xizmatlarini izlash, ular haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lish, dastlabki hisob-kitoblarni amalga oshirish, o‘ziga maqbul xizmatlarni tanlash va undan foydalanish bo‘yicha oqilona qaror qabul qilish imkonini beradi. 

Shveysariyaning “Business&Finance Consulting” kompaniyasi bilan hamkorlikda beshta hududda faoliyat yuritayotgan 11 ta tijorat bankining 66 ta filialida tadbirkorlarga ikki yo‘nalishda, ya’ni tadbirkorlikni rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi loyihalarini moliyalashtirishda kredit xizmatlarini taqdim etish sifati o‘rganildi.  

O‘rganish natijasida mijozlarga xizmat ko‘rsatish jarayonida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda bank xizmatlari ko‘rsatilishining zaif tomonlarini yaxshilash choralari ko‘rildi. 

Jumladan, banklar tomonidan turli aloqa kanallari orqali mijozlarning xizmat ko‘rsatish sifatidan qoniqish darajasini aniqlash bo‘yicha so‘rovlar o‘tkazib borish hamda banklarning bosh ofislari tomonidan ishlab chiqilgan mijozlarga xizmat ko‘rsatish standartlarida belgilangan talablarga joylardagi bank xodimlari amal qilayotganligi holatini baholash bo‘yicha “sirli mijoz” nazorat tadbirlari o‘tkazish amaliyotlari yo‘lga qo‘yildi. 

Shu bilan birga, 10 ta mikrokredit tashkilotida kredit shartnomalarining rasmiylashtirilishi, foiz stavkalari belgilanishi va hisoblanishi masalalari joyiga chiqib o‘rganildi, 26 ta tijorat bankining 897 ta muassasasida bank kartalari egalariga bank muassasalarida joylashgan terminallar orqali xizmat ko‘rsatilishini o‘rganish yuzasidan jami 917 ta nazorat tadbirlari amalga oshirildi. 

Qolaversa, 26 ta tijorat bankining jami 529 ta muassasasida omonat xizmatlari ko‘rsatilishining sifati, bank xodimlari tomonidan mijozlarga omonat xizmatlari to‘g‘risidagi axborotlarning to‘liq va to‘g‘ri berilishi hamda omonatni rasmiylashtirish jarayonlari “sirli mijoz” tartibida o‘rganildi. 

Bundan tashqari 92 ta murojaat bo‘yicha bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlari tiklanishiga ko‘maklashildi va iste’molchilarga jami 25,4 milliard so‘mlik mablag‘larini qaytarib berilishi ta’minlandi. 

O‘tkazilgan o‘rganishlar va nazorat tadbirlari natijalari bo‘yicha bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ygan 16 ta tijorat banki va 8 ta mikrokredit tashkilotidan jami 1 milliard 177 million so‘m miqdorida jarimalar undirildi. 

Banklarga nisbatan ko‘rilgan choralar ta’sirchanligini oshirish maqsadida undirilgan jarimalarning 829 million so‘mi yoki 70 foizi qoidabuzarliklar yo‘l qo‘yilishiga sababchi bo‘lgan banklarning 466 nafar mas’ul xodimlari hisobidan qoplandi.  

Shu bilan birga, tijorat banklari tomonidan qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan 269 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘llanilgan. Xususan, 152 nafar xodimga “xayfsan” berilgan, 100 nafar xodimning ish haqidan jarima undirilgan va 17 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan. 

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA