2025 yilning yanvar–may oylarida Sirdaryo viloyatiga 200 ming nafar mahalliy va 28 mingdan ziyod xorijiy turist tashrif buyurdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan sezilarli o‘sish bo‘lib, viloyatda turizm sohasi izchil rivojlanayotganini tasdiqlaydi.
Ushbu natijalar Sirdaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilinib, sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Yig‘ilishda infratuzilmani yaxshilash, joylashtirish va ovqatlanish shoxobchalarini modernizatsiya qilish, xizmat sifatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Joriy yil oxirigacha viloyatda 10 ga yaqin yangi mehmonxona va xostellar tashkil etilishi, sanitar-gigiyenik talablarga javob beradigan zamonaviy infratuzilmalar barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Bu esa viloyatda sayyohlar uchun qulay muhit yaratishga xizmat qiladi.

Tibbiyot turizmi ham viloyatda izchil rivojlanmoqda. 2025 yilning birinchi besh oyida 2 433 nafar xorijiy fuqaro viloyatdagi tibbiyot muassasalarida davolanib, 1,4 milliard so‘mlik xizmatlar eksporti amalga oshirildi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga o‘sdi.
Sayyohlar asosan Tojikiston, Qozog‘iston va Qirg‘izistondan tibbiy va klassik turizm maqsadida, shuningdek, Xitoy, Koreya va Rossiyadan ishbilarmonlik turizmi yo‘nalishida tashrif buyurmoqda. Bu viloyatning turizm salohiyati nafaqat mintaqaviy, balki xalqaro darajada ham kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Shuningdek, viloyatda mavjud 135 ta turizm ob’ektida o‘tkazilgan tahlillar natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, hokimliklar va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. Infratuzilmaviy muammolarni hal qilish tizim rivoji uchun asosiy shartlardan biri sifatida qayd etildi.
Viloyat turizmini xalqaro miqyosda targ‘ib etish maqsadida mas’ullarga Sirdaryo salohiyatini namoyon etuvchi videokontentlar tayyorlash, xalqaro tadbirlarda (roadshow) faol ishtirok etish, xorijiy xizmat safarlari davomida viloyatni tanitishga qaratilgan taqdimot va memorandumlar ustida ish olib borish vazifalari yuklatildi.

Asosiy maqsad – 2025 yil oxiriga qadar 300 ming nafar mahalliy turistni Sirdaryoga jalb etish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va viloyat turizm sohasini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishdir.
Xulosa qilib aytganda, Sirdaryo viloyatida turizmni rivojlantirishga qaratilgan ishlar izchillik va maqsadli yondashuvlar asosida amalga oshirilmoqda. Endilikda esa erishilgan natijalarni mustahkamlash, zamonaviy targ‘ibot usullarini keng joriy etish hamda viloyatni mintaqaviy va xalqaro turizm xaritasida munosib o‘ringa olib chiqish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat)
O‘zA muxbiri