Guliston shahrida Sirdaryo viloyati Avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi tomonidan tizim xodimlari o‘rtasida “Zakovat” intellektual o‘yini viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tashabbusi bilan tizim ishchi-xodimlarining intellektual bilimini sinovdan o‘tkazish, aqliy salohiyatini mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yinining viloyat bosqichida tizim korxonalarining 11 ta jamoasi o‘zaro bellashib, intellektual bilimlarini sinovdan o‘tkazishdi. Jamoalar tarkibida mutaxassislar, yo‘lni saqlash ishlari bilan shug‘ullanuvchi xodimlar va oddiy ishchilar ham bor.
–Yo‘l xo‘jaligi sohasida mehnat qilayotgan bilimdon yoshlarni rag‘batlantirish, yoshlarning intellektual salohiyatini oshirish, ularga motivatsiya berish maqsadida tashkil etilgan “Zakovat” intellektual o‘yini qiziqarli savollar va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi, – deydi Xovos tuman yo‘llardan foydalanish davlat muassasasining “Xovos” jamoasi a’zosi Shamsiddin Sayfiyev. – Tayyorgarliklar jarayonida kitob o‘qish, izlanish, o‘zaro fikr almashish, sohaga oid qonunlarimizni yana varaqlashga, takroran o‘qishga imkoniyat bo‘ldi.
Ishtirokchi jamoalaridan kuchli bilim va iqtidor talab etiladigan intellektual o‘yin yakunida “Mirzaobod ”jamoasi 1-o‘rin, “Oqoltin ” jamoasi 2-o‘rin va “Xovos ” jamoasi 3-o‘ringa sazovor bo‘ldi.
G‘oliblar statuyetka, maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Shuningdek, eng faol ishtirokchilar “Eng kitobsevar Zakovatchi”, “Eng yosh Zakovatchi”, “Eng yaxshi soha bilimdoni”, “Mantiqiy savollar bilimdoni” nominatsiyalari bo‘yicha ham taqdirlandi.
Barcha jamoalardan saralab olingan 6 nafar ishtirokchidan tashkil topgan Sirdaryo terma jamoasi “Zakovat”ning respublika bosqichida ishtirok etadigan bo‘ldi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri