Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryolik va xitoylik olimlar hamkorlik qiladi
17:06 / 2024-10-28

Guliston davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy- tadqiqot instituti direktori, professor Habib Qo‘shiyev Xitoy davlatining Shang Don akademiyasida Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligida o‘tkazilgan forumda ishtirok etdi.

Forumda Habib Qo‘shiyev institutda olib borilayotgan tadqiqotlar va ularning mintaqaviy muammolarning yechimidagi ahamiyati bo‘yicha taqdimot qildi. Taqdimot ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘lib, Xitoy davlatining Shang Don akademiyasi bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi.

–Taqdimotda tuproq va o‘simlik tarkibidagi molekulyar va simbiotik bog‘liqlikni aniqlash asosida ekologik xavfsiz regenerativ o‘simlik mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha olib borilayotgan va olingan natijalar ham ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘ldi, – dedi Guliston davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy-tadqiqot instituti direktori, professor Habib Qo‘shiyev.

Ushbu shartnomaga ko‘ra, Guliston davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va biokimyo ilmiy-tadqiqot instituti Shang Don akademiyasi bilan hamkorlikda “Orolning qurigan tubida o‘simliklar qoplamini hosil qilish agrobiotexnologiyasini yaratish” loyihasini amalga oshirish, institut bazasida hamkorlikda mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan “O‘simlik va tuproq analizi hamda oziq-ovqat xavfsizligi” laboratoriyasi tashkil etish bo‘yicha o‘zaro fikrlar almashildi. Kelgusida tashkilotlar o‘rtasida o‘zaro tajribalar almashish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Xitoy davlatining Shang Don akademiyasi bilan yo‘lga qo‘yiladigan hamkorlik o‘zaro tajribalar almashish, hamkorlikda mintaqaviy ahamiyatga ega bo‘lgan innovatsion texnologiyalarni yaratish imkonini beradi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri