Yurtimizda har yili 20 avgust – “Tadbirkorlar kuni” sifatida nishonlanadi. Bu sana nafaqat bayram, balki mamlakat iqtisodiy salohiyatini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotgan ishbilarmonlarga bo‘lgan chuqur hurmat va minnatdorlik ifodasidir.
Prezidentimizning ana shu kun munosabati bilan qabul qilgan Farmon va Farmoyishiga ko‘ra, bir guruh sirdaryolik tadbirkorlar ham davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Guliston tumanida samarali mehnati bilan tanilgan fermer ayol — Yulduz Babakulova qishloq xo‘jaligidagi yutuqlari uchun «Shuhrat» medaliga sazovor bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, mazkur mukofot shaxsiy faoliyati bilan birga, butun jamoasining sa’y-harakatlariga berilgan yuksak e’tirofdir.
– Mamlakatimizda tadbirkorlar uchun keng imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda, – deydi Yulduz Boboqulova. – Bu mukofot biz uchun katta rag‘bat bo‘lib, kelgusida yangi g‘oya va loyihalarni amalga oshirishga kuch-quvvat bag‘ishlaydi.
Sirdaryo viloyat hokimligida o‘tkazilgan tantanali marosimda Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Tudimov ishtirok etib, mukofot sohiblarini samimiy tabrikladi.
– Bugun tadbirkorlarimiz iqtisodiyotning barqaror o‘sishi, ishlab chiqarish va eksport ko‘lamlarini kengaytirish, «yashil» texnologiyalar hamda raqamli yechimlarni joriy etishda yetakchi kuch sifatida namoyon bo‘lmoqda, – dedi viloyat rahbari. – Yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi turmush darajasini yuksaltirishdagi xizmatlaringiz yurtboshimiz tomonidan munosib baholanmoqda.
[gallery-24862]
Marosimda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan soha vakillariga mukofotlar bilan birga viloyat hokimining faxriy yorliqlari va esdalik sovg‘alari ham topshirildi.
G‘ulom Primov,
Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari