Sirdaryolik sportchi qiz bir musobaqada ikki rekordni yangiladi
Poytaxtimizda yengil atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasida o‘tkazilayotgan yopiq inshootlardagi O‘zbekiston chempionatining yadro uloqtirish bahslarida Sirdaryo viloyati Sportning o‘yin turlari va yengil atletika bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport maktabi shug‘ullanuvchisi Malika Nasriddinova 16,33 natija bilan qizlar o‘rtasida 1-o‘rinni egallab, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Malika Nasriddinova ushbu natijasi bilan O‘zbekiston rekordini o‘rnatdi. U 39 yil oldin Monika Andris tomonidan o‘rnatilgan rekordni yangiladi. Monika 1984 yil 11 fevralda Rossiyaning Sankt-Peterburg (Leningrad) shahrida Butunittifoq musobaqalarida 15,67 natijani ko‘rsatgan edi.
Shuningdek, Malika 2006 yil 3 iyunda Bishkekda Oksana Kotga tegishli bo‘lgan ochiq maydondagi o‘smirlar o‘rtasidagi mutlaq rekordni ham yangiladi. O‘shanda Oksana 16,24 natija qayd etgandi.
Hamyurtimizning ushbu natijasi yurtimizda yana bir xalqaro darajaga ega bo‘lgan iqtidorli yengil atletikachi kamolga yetib kelayotganligini ko‘rsatmoqda.
Sh. Suyarov, O‘zA