Hokimlik soati
Mamlakatimizda 2023 yil 1 yanvardan boshlab barcha tashkilotlarda hujjatlar va rasmiy axborotlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida rasmiylashtirish to‘liq joriy etilgan. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi qarorining Sirdaryo viloyatidagi ijrosi viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan navbatdagi hokimlik soatida atroflicha muhokama etildi.
Viloyat hokimligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar jarayonida bir qator tashkilot va muassasalarda qaror talablariga rioya etilmayotgani aniqlandi. Xususan, Mahallalar uyushmasi, Soliq, Sog‘liqni saqlash, Iqtisodiyot va moliya boshqarmalari, ayrim tijorat banklari hamda yo‘llardan muntazam foydalanish korxonalarida ish yuritishda kirill alifbosidan foydalanish, imloviy va uslubiy xatolarga yo‘l qo‘yish holatlari kuzatilgan. Bu kabi kamchiliklar korxonalar bo‘yicha alohida muhokama etil va tanqid qilindi.
Davlat idoralarida faoliyat yuritayotgan rahbar xodimlarning savodxonlik darajasini baholash maqsadida diktant olish amaliyoti o‘tkazildi. Afsuski, natijalar ijobiy emas.
Sog‘liqni saqlash boshqarmasining 9 nafar rahbar xodimidan 6 nafari, "Hududiy elektr tarmoqlari" AJning 5 nafar rahbar xodimidan 4 nafari, “O‘ztelekom” AJ Sirdaryo filialining 10 nafar rahbar xodimidan 7 nafari, "O‘zbekiston pochtasi" AJ viloyat filialining 8 nafar rahbar xodimidan 4 nafari qoniqarsiz baho olishdi.
Bu holat viloyat rahbariyati tomonidan jiddiy tanqidga olindi. Erkinjon Turdimovning ta’kidlashicha, davlat tilida ish yuritish qonun talabi bo‘lib, unga rioya qilish har bir rahbar va mas’ul shaxsning fuqarolik burchidir.
Viloyat hokimining maslahatchisi G‘aybulla Yusupov ta’kidlaganidek, hozir davlat tilida ish yuritishni takomillashtirish maqsadida malaka oshirish kurslari tashkil etilgan. Barcha korxona va tashkilotlarda xat-hujjatlar bilan shug‘ullanuvchi xodimlar ushbu kurslarda hujjatlarni davlat tilida, me’yoriy va imloviy jihatdan to‘g‘ri rasmiylashtirish ko‘nikmasini oshirishlari mumkin.
Shuningdek, Davlat xizmatlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan "Milliy nom.o‘z" platformasi orqali turli sohalarga mos, zamonaviy va milliy ruhdagi o‘zbekcha nomlarni shakllantirish va joriy etish imkoni yaratilgani ham ta’kidlandi.
– Agar mazkur imkoniyatlarga befarq bo‘lmasak va tavsiyalarga e’tiborli bo‘lsak, ko‘chalarimiz, tashkilot va biznes sub’ektlaridagi ajnabiy nomlar o‘rnini milliy, til va madaniyatimizga mos nomlar egallaydi. Bu esa jamiyatda milliy o‘zlik va iftixor tuyg‘usini kuchaytiradi, – dedi G‘aybulla Yusupov.
[gallery-22865]
Ishchi guruh tomonidan aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi. Savodxonlikni oshirish, rahbar kadrlarni bosqichma-bosqich davlat tilida ish yuritish asoslariga o‘rgatish va ularni malaka oshirish markazlariga jalb etish yuzasidan choralar belgilab olindi.
G‘ulom Primov,Shahriyor Ortiqboyev (video, surat),
O‘zA muxbirlari