Joriy yilning 21-25 aprel kunlari Turkmanistonning Ashxobod shahrida II Xalqaro matematika olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Unda 15 ga yaqin mamlakatdan 250 nafarga yaqin iqtidorli o‘quvchi ishtirok etdi. Olimpiadada O‘zbekiston terma jamoasi jami 17 ta medal – 4 ta oltin, 9 ta kumush va 4 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, munosib natija qayd etdi.
Mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilganlar qatorida Sirdaryo viloyatidan ham bir qator iqtidorli o‘quvchilar bor.
Guliston shahridagi 2-son ixtisoslashtirilgan maktab-internati 9-sinf o‘quvchisi Azizbek Mamajonov oltin medalga sazovor bo‘ldi. Bu yosh matematikning birinchi yirik xalqaro yutug‘i bo‘lib, uning mehnati va bilimga bo‘lgan intilishi alohida e’tirofga loyiq.
Shuningdek, ushbu o‘quv dargohining 11-sinf o‘quvchisi Behruz Boymurodov hamda R.Bosimov nomidagi xususiy maktabning 10-sinf o‘quvchisi Sardor O‘razaliyevlar esa bronza medallarini qo‘lga kiritishdi.

– Ushbu muvaffaqiyatlar o‘quvchilarimizning faol ta’lim olishi, ustozlarining mehnati va sohadagi islohotlar samarasi hisoblanadi. O‘zbekiston terma jamoasi o‘tgan yilgi shu turdagi olimpiadada jami 9 ta medalni qo‘lga kiritgan edi. Joriy yildagi natija esa ko‘rsatkichning ikki barobarga yaqin oshib borganini ko‘rsatadi,–deydi Sirdaryo viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva.
Bu kabi xalqaro musobaqalardagi yutuqlar mamlakatimizda iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish va fanlarga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri