2025 yil 9 iyun kuni Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkazilgan, dunyoning o‘ndan ortiq davlatlari vakillari ishtirok etgan xalqaro mental arifmetika olimpiadasida gulistonlik Umarjon Qodirov faxrli Oliy o‘rinni egalladi.
Umarjon Qodirov – 2016 yilda tug‘ilgan, Guliston tumanidagi 1-umumta’lim maktabining 2-sinf o‘quvchisi. U mazkur nufuzli olimpiadada matematika va ingliz tili yo‘nalishlarini qamrab olgan murakkab vazifalarni muvaffaqiyatli bajarib, o‘zining yuqori bilim va tayyorgarligi bilan g‘oliblikka erishdi.

Yoshi kichik bo‘lishiga qaramay, Umarjon hozirgacha qator milliy va xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etib, ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishgan. Uning aniq fanlarga, xususan, matematikaga bo‘lgan qiziqishi maktabdagi ilk saboqlaridanoq namoyon bo‘lgan. Mental arifmetikaga bo‘lgan qiziqishi esa to‘rt yoshida – tumandagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchi bo‘lgan vaqtida shakllangan.
Ayni paytda u nafaqat umumta’lim maktabida, balki “Alpha academy” o‘quv markazida ham mental arifmetika bo‘yicha muntazam mashg‘ulotlar olib bormoqda. Ta’limga bo‘lgan mehri, mas’uliyatli yondashuvi va mehnati natijasida ushbu katta muvaffaqiyatga erishgan Umarjon Qodirov kelgusida ham yanada yuqori yutuqlarga erishishiga ishonchimiz komil.
Umarjonning xalqaro miqyosdagi bu yutug‘i nafaqat uning oilasi, maktabi va ustozlari, balki Sirdaryo viloyati ta’lim tizimi uchun ham iftixordir. Ushbu muvaffaqiyat Umarjonning tengdoshlari va ularning ustozlarini yanada ilhomlantirib, ta’lim sohasidagi sa’y-harakatlarning samaradorligini yaqqol ko‘rsatadi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri