Guliston shahridagi Sirdaryo viloyat Bolalar kutubxonasida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi tomonidan 2025 yil yakuniga bag‘ishlangan an’anaviy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Anjumanda viloyat ijod ahli, adabiyot muxlislari, olimlar va matbuot vakillari qatnashishdi
Tadbirni uyushma viloyat bo‘lim rahbari Noriniso Qosimova ochib, yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha hisobot bilan chiqdi. Uning ta’kidlashicha, 2025 yil sirdaryolik ijodkorlar uchun faollik, yangilanish va yangi nashrlarga boy yil bo‘ldi.
Kun tartibida o‘tgan yilda viloyat adabiy muhitini rivojlantirish yo‘nalishda qilingan ishlar muhokama etildi. Kutubxonalarda, ta’lim muassasalari va madaniy maskanlarda o‘tkazilgan adabiy kechalar, ijodiy uchrashuvlar, mahorat darslari, yangi kitoblar taqdimotlari viloyatda adabiyotga bo‘lgan qiziqishni oshirgani qayd etildi. Ayniqsa yosh ijodkorlar bilan olib borilgan mehnat, ularni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihalar va ularning ilk to‘plamlari nashr etilgani muhim voqealardan biri sifatida tilga olindi.

Yil davomida bir qator sirdaryolik ijodkorlarning asarlari kitobxonlar qo‘liga yetdi. Aliqul Xonimqulovning “Sudxo‘rning qabul kunlari” romani, Muhammadali Ahmadning “Binafshazor” hikoyalar to‘plami va “To‘ra Sulaymon hikmatlari”, Aziz Xo‘jamberdiyevning “Uyg‘on” she’rlar to‘plami, Turg‘un Norqulovning “Baxt manzillari”, Noriniso Qosimovaning “Yonimdagilar” publitsistik kitobi, shuningdek “Elsevar” va “Vatandosh, sen vatan vijdoni bo‘l” kabi bayozlar hamda bir qator yoshlar ijodidan namunalar jamlangan yangi to‘plamlar ana shular jumlasidandir. Ma’ruzachining fikriga ko‘ra, bu asarlar nafaqat viloyatda, balki respublika va xalqaro nashrlarda ham munosib baholandi, ayrim mualliflar nufuzli tanlov va festivallarda ishtirok etdilar.
Yig‘ilishda 2025 yilda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi. Adabiy muhitni yanada jonlantirish, tuman va shaharlarda ijodkorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish, ayniqsa yoshlar o‘rtasida adabiy ta’limni kuchaytirish zarurligi alohida ta’kidlandi. “Yangi Sirdaryo” gazetasi bo‘lim mudiri Muhammadali Ahmad so‘zga chiqib, yil davomida yaratilgan nasriy asarlar tahlili bilan o‘rtoqlashdi va adabiyotda kuzatilayotgan yangi tendensiyalar haqida fikr bildirdi.

Shundan so‘ng uyushma a’zolari — Ravshanbek Mahmudov, Aliqul Xonimqulov, Alisher Nur, Davlat Tursun, professor Muzaffar Mamatqulov va boshqalar o‘z takliflarini aytib, viloyat adabiy hayotini yanada rivojlantirish bo‘yicha fikr almashdilar.
Yig‘ilishning badiiy qismi katta mushoiraga aylandi. Unda Bahor Xolbekova, To‘xtamish Boqiy, Alisher Nur, Davlat Tursun, Ahror Bayzo, Ozoda Gulmurodova, Maxsuda Mirzayevalar o‘z she’rlari va yangi ijod namunalarini tinglovchilarga taqdim etishdi.
Anjuman so‘nggida Sirdaryo adabiyoti ravnaqiga hissa qo‘shgan, ammo bu dunyodan ko‘z yumgan ustoz yozuvchi va shoirlar ruhiga Qur’on tilovati qilindi. Tadbir ijod ahlini birlashtirgan, o‘tgan yilga munosib xulosa yasagan va kelajakka aniq maqsadlar belgilab bergan muhim adabiy voqea sifatida esda qoldi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri