Guliston shahridagi Bolalar kutubxonasida “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi”, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, taniqli shoir va publitsist Hamroqul Rizoning tavalludining 85 yilligi munosabati bilan xotira kechasi tashkil etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar va Jurnalistlar ijodiy uyushmalari hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda shoirni tanigan-bilgan va suhbatidan bahramand bo‘lgan turli sohalar vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirni olib borgan Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, shoira Noriniso Qosimova ustoz Hamroqul Rizo haqida shunday dedi:

– Ustozning she’rlari va publitsistik asarlari har doim odamlarni chin qalbdan his qilishga, zamon va hayot voqeliklarini qadrlashga o‘rgatdi. Men uchun Hamroqul Rizo faqat she’r va dostonlar muallifi emas, balki hayot va inson haqida chuqur fikrlaydigan ustoz ham edi.
Hamroqul Rizo 1940 yil 26 dekabrda Sirdaryo viloyati, Guliston tumani, Beshbuloq qishlog‘ida tavallud topgan. U Nizomiy nomidagi Toshkent pedagogika institutida ta’lim olgan va ilk kitobi — “Bahor keltirgan quvonch” ocherklar to‘plami 1974 yili Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik shoirning “Sirdaryo qasidasi” (1976), “Cho‘l qaldirg‘ochi” (1982), “Mirzacho‘l” (1984), “Cho‘lni chaman etganlar” (1995), “Sirdaryo tabiatining rang-barangligi” (A.Turdiqulov bilan hammualliflikda, 2000), “Sirdaryo chinorlari” (R.Turdiyev bilan hammualliflikda, 2006–2007), shuningdek, “Zangori daryo”, “Oltinsoch”, “Umid karvonlari” va “Hikmatlar” kabi 20 dan ortiq asarlari chop etilgan.

Hamroqul Rizo ijodi Sirdaryoning cho‘lquvar va fidoyi mehnatkash aholisining hayotini madh etish, tabiatning turli rang-barangligini yoritish bilan ajralib turadi. Uning sodda, samimiy va oddiy tili she’rlari, dostonlari va publitsistik asarlariga ham ko‘chgan.
Xotira kechasida ishtirokchilar shoir hayoti va ijodiy merosi haqida fikr almashdilar. So‘zga chiqqanlar asosanHamroqul Rizo ijodining ahamiyati va asarlarining davomiyligini ta’kidlashdi.

Ishtirokchilar ustozning ortidan qoladigan yaxshi nom va asarlarining abadiyligi, ijodiy merosini kelajak avlodlarga yetkazish muhimligini alohida ta’kidladilar. Xotira kechasi yakunlanar ekan, ustoz ruhi pokiga Qur’on tilovati qilindi.
Hamroqul Rizo 2008 yilda 68 yoshida vafot etgan bo‘lsa-da, uning she’rlari, dostonlari va publitsistik asarlari hanuzgacha yurtdoshlarimiz tomonidan sevib o‘qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri