Sirdaryolik Hamida uchun o‘tib borayotgan 2022 yil juda sinovli, yodda qolarli bo‘ldi. U endi kelgusida tibbiyot sohasida tahsil olib, shifokor bo‘lishga ahd qildi. Bunday qarorga kelishiga bir yarim yil mobaynida boshidan o‘tkazganlari, o‘z uyida emas, shifoxonalarda ko‘rgan-kechirganlari sabab bo‘ldi.
– O‘z tengqurlarim qatori sog‘lom edim, – deydi Sirdaryo tumanidagi "Baxmal" mahalla fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi Hamida Sayitqulova. – Homiladorlik davrimda 6 oylik farzandim nobud bo‘ldi. Shundan keyin buyragimda muammolar paydo bo‘ldi. Tekshiruvlardan o‘tdim. Shifokorlar menga buyrak yetishmovchiligi tashxisini qo‘ydi. Shifokorlar aytganlariga amal qilsam o‘tib ketadi, deb o‘ylagandim.
U o‘tgan bir yilini Guliston tibbiyot klasteri, uning nefrologiya va gemodializ bo‘limida o‘tkazdi. Lekin dard kuchaysa kuchaydiki, kamaymadi. Qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tdi.
Unga surunkali glomerulonefrit, aralash (nefrotik-gematurik) forma sabab buyrak yetishmovchiligi, dasturiy gemodializ asorati, kamqonlik asorati deya tashxis qo‘yildi. Buning birdan bir davosi, buyrak transplantatsiya amaliyoti ekanini aytishdi.
Bu gap nafaqat Hamidani, otasi Bahrom Imomov, onasi Saodat Safarovani, qolaversa yaqinlarini chuqur o‘yga toldirdi.
Dardning kelishi oson, ketishi qiyin deyishadi. Ota-onasi Hamidaga mos tushuvchi donor izladi. Yaqinlari, biri qo‘yib, boshqasi donor bo‘lmoqchiligini, Hamidaga buyragini bermoqchiligini aytdi. Ammo hammasi ham mos kelavermadi.
So‘ngi tekshiruvdan so‘ng, shifokorlar uning kichik akasi, Asilbekning buyragi mos kelishi, shuning uchun, u qo‘shimcha tekshiruvlardan o‘tishi zarurligini aytdi.
Bu amaliyot, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Sirdaryoda o‘tkazilgan navbatdagi aksiya doirasida, Guliston tibbiyot klasterida o‘tkazildi.
Akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining xirurglari, tibbiyot fanlari nomzodi Jasur Sobirov, Muzaffar Rustamov, anesteziolog Ilyas Ablyalimov, Guliston tibbiyot klasteri xirurglari Sherzod Tashmamatov, Erkin Aliqulov, Erkin O‘rolov muvaffaqiyatli bajardi. Xarajatlar esa Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplab berildi.
Biroz fursatdan so‘ng, shifokorlar Asilbek va Hamidaga javob berdi. Ular ayni vaqtda o‘z uyida, tug‘ilib o‘sgan go‘shasida.
– O‘sha paytdagi holatimni bir so‘z bilan ifodalab berolmayman, – deydi Hamida. – Yashashga, hayotga bo‘lgan ishtiyoqim tobora ortib boraverdi, umidimni uzmadim. Iltijolarim ijobat bo‘ldi, akajonim sabab qayta tug‘ildim va oyoqqa turdim.
Kuni kecha bir guruh jurnalistlar Hamida, uning mehribon akasi Asilbekni so‘rab, u yashayotgan xonadonga bordi.
– Barchamiz tushkunlikka tushib qolgandik, – deydi Hamidaning onasi Saodat opa. – Transplantatsiya amaliyoti narxi ancha qimmat bo‘lishi barobarida, uni o‘tkazadigan mutaxassislar muammosi bizni o‘ylantirib qo‘ygandi. Soha xodimlariga rahmat. Ushbu amaliyotni Sirdaryoda o‘tkazilayotgani sog‘ligida muammosi bor, biz singari insonlar uchun katta yordam bo‘ldi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA