English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryolik chernobilchilar holidan xabar olindi
20:36 / 2021-06-15

Ukrainadagi Chernobil atom elektr stansiyasida sodir bo‘lgan falokat oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan sirdaryolik fuqarolarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi va hududiy bo‘limlari huzurida tashkil etilgan “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi tomonidan saxovat yordami ko‘rsatildi.

Bundan 36 yil muqaddam Chernobil AESdagi falokat oqibatlarini bartaraf etishda ko‘pminglik o‘zbekistonliklar qatori Sirdaryo viloyatida istiqomat qiluvchi mard, jasur, fidoyi yurtdoshlarimiz ham ishtirok etgan edi.

Ular bilan dildan suhbatlashsang, qalbidagi fikrlarni o‘qiy olsan. Hayot inson uchun berilgan eng muhim ne’mat ekanligini his etasan. Garchand ular davlat e’tiborida, doimiy tibbiy nazoratda bo‘lsalarda, hali hamon o‘sha yillardagi falokat asoratlari xotira va jismlarini tark etmaganiga guvoh bo‘lasan. Lekin ular qalban teran va ruhan sog‘lom, eng muhimi, o‘z oilalari bag‘rida, farzandlari, nabiralari qurshovida va baxtli hayot kechirmoqda.

“Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat hududiy bo‘limi Sirdaryoda tashkil etilayotgan tadbirlarda faol ishtirok etib, fond mablag‘lari hisobidan ehtiyojmandlarga ko‘mak ko‘rsatish borasida ko‘plab xayrli ishlarni amalga oshirmoqda.

Sirdaryoda istiqomat qilayotgan 55 nafar chernobilchi xonadoniga 11 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

– O‘z jonini, sog‘lig‘ini garovga qo‘yib Chernobil falokatlarini bartaraf etishda ishtirok etib qaytgan bu mard, jasur insonlar va ularning fidoyiligi to‘g‘risida har qancha gapirsak, ularning salomatliklariga har qancha e’tibor qaratsak oz, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi Sirdaryo viloyat hududiy bo‘limi boshqaruvi raisi Bahodir To‘xtasinov. – Yurtimizda hech bir kishi hech qachon e’tibordan chetda qolmaydi. Maqsadimiz esa bitta, aholi farovon yashasin, odamlar turmushidan rozi bo‘lsin.

A.Qayumov, O‘zA