Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryolik bolalar Samarqandda sog‘lomlashtirilmoqda
20:52 / 2023-05-03

Ramazon oyida Sirdaryo viloyatida yashovchi 56 nafar, Samarqand viloyatidagi 145 nafar yuragida tug‘ma nuqsoni bor bolalar davlat hisobidan Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida operatsiya qilinishi haqidagi xabarlar tarqalgan edi.

Ana shu xabar ortidan tibbiyot markazida bo‘lib, bu haqida batafsil ma’lumot olishga harakat qildik.  

O‘tgan yili 600 nafar bolaning yuragi operatsiya qilindi.  

– Markazimizda kardioxirurgiya bo‘limi tashkil etilib, bolalarda uchraydigan yurak nuqsonlari jarrohlik yo‘li bilan bartaraf etilayotgani keyingi yillarda yurtimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar samarasi bo‘ldi, – deydi Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori Mamatqul Azizov. – Xorijdagi tibbiy markazlarda ishlayotgan o‘zimizning mutaxassislarimiz davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yurtimizga taklif etilib, ularga chet eldagidek sharoit yaratib berildi, ish haqi to‘lanmoqda. Buning natijasida shu paytgacha katta mablag‘ evaziga faqat xorijda bajarilgan jarrohlik amaliyotlari o‘zimizning tibbiy markazlarda amalga oshirilmoqda.  

Bizda ham dastlab Moskvadagi A.Bakulev nomli yurak-qon tomir kasalliklari jarrohligi ilmiy-tadqiqot institutida faoliyat olib borayotgan mahalliy mutaxassislar ishga taklif etilib, bolalar yurak jarrohligi yo‘lga qo‘yilgandi. Yaqinda respublika bolalar milliy tibbiyot markaziga rahbar bo‘lgan Maqsud Saidov ana shunday ilk mutaxassisimiz edi. Bu sa’y-harakatlarimiz o‘z samarasini berdi va yildan-yilga ushbu yo‘nalishdagi ishlarimiz ko‘lami kengayib bormoqda.  

Birgina o‘tgan yilning o‘zida 600 ga yaqin bolada yurak operatsiyasi o‘tkazilib, ular sog‘lomlashtirildi. E’tiborlisi, bu jarrohlik amaliyotlarining 400 dan ortig‘i davlat, mahalliy byudjet va turli jamg‘armalar, tibbiy sug‘urta mablag‘lari hisobidan bajarildi. Chunki, yurakda amalga oshiriladigan bitta jarrohlik amaliyoti uchun kamida 20 million so‘m pul sarflanadi. Har qanday oila ham bu mablag‘ni to‘lay olmasligi mumkin. Shuning uchun davlatimiz rahbari tashabbusi va e’tibori bilan bu yil ijtimoiy ko‘makka muhtoj, kam ta’minlangan oilalardagi bemorlarni sog‘lomlashtirish, ularda murakkab jarrohlik amaliyotlarini bajarish uchun 90 milliard so‘m mablag‘ ajratilmoqda.  

Jumladan, bizning tibbiy markazimizga Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi 201 nafar boladagi tug‘ma yurak nuqsonlarini operatsiya qilish uchun 5 milliard 300 million so‘m mablag‘ berilmoqda. Shuning hisobidan hozirda ana shu bemor bolalarni sog‘lomlashtirish boshlandi.  

Sirdaryo viloyatida tug‘ma yurak nuqsoni bilan ro‘yxatga olingan bolalar markazlashgan tarzda ota-onasi bilan birga markazimizga keltirilib, yana bir bor tekshiruvdan o‘tkazildi. So‘ngra ularni operatsiya qilish jadvali tasdiqlanib, shu asosida markazga chaqirilmoqda. Har kuni ikki-uch nafar bolada jarrohlik amaliyoti bajarilmoqda.  

58 ta yurak sog‘lom ura boshladi  

2019 yilda xorijdan kelib Samarqandda ish boshlagan tibbiyot fanlari nomzodi Niso Turdiyeva ayni paytda markaz kardioxirurgiya bo‘limi boshlig‘i. yosh mutaxassis uch yildan buyon har yili yuzlab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazib, xasta qalblarni davolamoqda.  

– Xalqimizga yordamim tegayotganidan, bolajonlarimiz sog‘lom hayotga qaytayotganidan xursand bo‘laman, – deydi Niso Turdiyeva. – Mazkur ijtimoiy aksiya davomida qisqa vaqt ichida sirdaryolik 18 nafar, samarqandlik 40 nafar bolada operatsiya o‘tkazdik va bu bolalarning barchasidagi yurak nuqsonlari bartaraf etildi. Qolgan bemorlar ham belgilangan vaqtda operatsiya qilinib, tez orada sog‘lom hayotga qaytadi. Bu davlatimizning yosh avlod salomatligiga bo‘lgan juda katta e’tibori.  

Xorijda bunday yurak xastalikliklar bolalar chaqaloqligidayoq bajariladi. Bizda esa shu paytgacha, tana vazni 10-15 kilo bo‘lsin, yoshi kattaroq bo‘lsin, degan qarash bo‘lgan. Vaholanki, bolalarda shunday yurak xastaliklari uchraydiki, uni chaqaloqlik paytida operatsiya qilib, sog‘lomlashtirish taqozo etiladi. Chunki bu ish ertaroq bajarilmasa, boshqa xastaliklar kelishi chiqishi mumkin. To‘g‘ri, esini tanib qolgan bolaga nisbatan go‘daklarda operatsiya o‘tkazish biz uchun biroz murakkab bo‘ladi, lekin bu bemor uchun foydali. Shuning uchun hozirda yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarda ertaroq jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga harakat qilyapmiz. Yaqin orada tibbiy markazimizda chaqaloqlar kardioxirurgiyasi bo‘limi ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.  

Darvoqe, markazda xorijdan mutaxassislar taklif etilib, kardioxirurgiya bo‘limi ochilgan bo‘lsa, endilikda Samarqand davlat universitetida kardioxirurgiya bo‘yicha ordinatura tashkil etilib, Rossiyadagi nufuzli tibbiyot universitetlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilibdi. Ya’ni, uch yillik ordinaturaning 1,5 yili Samarqandda, 1,5 yili Rossiyadagi oliy o‘quv yurtlarida kechadi. Yaqinda ana shu dastur bo‘yicha 8 nafar dastlabki mutaxassislar o‘qishni yakunlab, Samarqanddagi tibbiy markazda faoliyat boshlaydi.  

Bo‘lajak konchi yurak xastaligidan qutuldi  

Sirdaryo viloyati Sardoba tumanidan kelgan Shohsanam Tugalovaning aytishicha, qizi – Dilnura yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan. Bu yil sakkiz yoshga to‘lgan. Ammo shu paytgacha uni operatsiya qildirish uchun imkoniyati bo‘lmagan.  

– O‘zi tuzalib ketadi, deb yurardik – deydi Sh.Tugalova. – Davolatishga qo‘limiz ham kaltalik qilardi. Ijtimoiy ko‘makka muhtojligimiz sababli mana shu ijtimoiy aksiya doirasida Samarqandga chaqirib operatsiya qilishdi. Kelganimizga o‘n kundan oshdi, qizim sog‘lom bolalardan nafas olmoqda. Davlatimizdan, shifokorlardan minnatdormiz.  

[gallery-11704]

Samarqand viloyatining Narpay tumanida yashovchi 17 yoshli Hasan Temirov ham yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan. Bu oila ham operatsiyaga imkoniyat topolmagan.  

– Yana 2 nafar bolam bor, ular sog‘lom tug‘ilgan, - deydi Gulzoda Temirova. – O‘g‘lim ulg‘aygan sari nafas olishi qiyinlashib, ozroq yursa charchab qoladigan bo‘ldi. Yolg‘iz onaman, nima qilishni bilmayman, faqat Allohdan najot so‘rayman. Bolamni davlat hisobidan operatsiya qilib berishdi. Prezidentimizga mingdan ming rahmat!  

– Yurganimda tez charchab qolardim, yaxshi nafas ololmasdim, – deydi Hasan. – Ammo, ko‘nglimda konchi bo‘lish niyati bor edi. Bu holatda orzuimga yetolmayman, deb o‘ylardim. Mana endi operatsiyadan keyin hammasi o‘zgardi. Yuragim urishi ham, nafas olishim ham juda yaxshi. Endi niyatim qat’iy – maktabni bitirib, albatta, konchilik texnikumida o‘qiyman.  

Sirdaryoning Xavos tumanidan kelgan Sevara Egamovaning aytishicha, beshinchi farzandi – Baxtigul daun sindromi bilan tug‘ilgan. Yuragida ham xastalik bo‘lgan, lekin jarrohlik amaliyoti bajarilmagan.  

– Kasallik o‘pkasiga ta’sir ko‘rsatgach, ikki yil oldin Toshkentda operatsiya qildirgan edik, – deydi Sevara Egamova. – Keyinchalik kasallik oyog‘iga asorat bera boshlagach, xudodan madad kutib faqat duo qilardim. Mahallada “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turamiz. Davlat tomonidan turli yordamlar beriladi, ammo bolamga qarab hech narsa ko‘zimga ko‘rinmasdi. Yaqinda Ramazon oyi kunlarida Prezidentimiz g‘amxo‘rligi bilan bunday bolalar Samarqandda bepul operatsiya qilinishini aytishganda, quvonchim ichimga sig‘may ketgandi. Shukr, operatsiya yaxshi o‘tdi. Bizga ko‘mak berganlardan minnatdorman!  

Samarqandlik shifokorlar Qashqadaryoda operatsiya qildi  

O‘tgan hafta samarqandlik shifokorlar Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ilk jarrohlik amaliyotini bajardi.  

– Qarshidagi tibbiyot markazida ham kardioxirurgiya bo‘limi tashkil etildi va bizda ishlagan shifokor u yerda ish boshladi, – deydi Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi direktori o‘rinbosari Fazliddin Fayzullayev. – Hamkasblarimizga yordam berish maqsadida o‘tgan hafta Qashqadaryoga borib, ilk yurak operatsiyasini o‘tkazib keldik. Yurtimizda yuqori texnologiyali bunday jarrohlik amaliyotlarining bajarilishi aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat darajasini oshirishga turtki bo‘ladi, sog‘liqni saqlash tizimi rivojlanadi.  

G‘olib HASANOV, 
O‘zA muxbiri.