Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryolik 112 nafar bitiruvchi oliy ta’lim muassasalari talabasiga aylandi
18:46 / 2025-06-02

Joriy o‘quv yilida Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tizimidagi 312 ta umumta’lim maktablarini 10 469 nafar, 12 ta ixtisoslashtirilgan, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod hamda Prezident maktablarini 385 nafar, 8 ta nodavlat ta’lim muassasalarini 216 nafar o‘quvchi bitirishi kutilmoqda.

E’tiborga molik jihati shundaki, mazkur bitiruvchilar orasidan 112 nafar 11-sinf o‘quvchisi mahalliy va xalqaro nufuzga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalariga muddatidan oldin qabul qilindi.

Bundan tashqari, 1 414 nafar yosh xalqaro tan olingan SAT, IELTS, TOEFL, CEFR va shu kabi imtihonlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘ldi. Bu esa ularning til bilimi va umumiy salohiyati xalqaro mezonlarga javob berishini ko‘rsatadi.

– Bitiruvchilarimizdan ayrimlari AQSHning Hartford University, Chicago University, Florida International University, Arizona State University, Iowa State University kabi nufuzli universitetlariga o‘qishga qabul qilindi, – deydi Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Nargiza Xolboyeva. – Shuningdek, Italiyaning Tor Vergata University universiteti ham yoshlarimiz uchun bilim eshiklarini ochgani quvonarli hol.

Shu bilan birga, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya kabi davlatlar hamda yurtimizdagi “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Guliston davlat universiteti, TATU, Sharqshunoslik va Jahon tillari universitetlari ham Sirdaryo yoshlariga ishonch bildirib, talabalikka qabul qildilar.

Bu yilgi mukofotlanganlar soni ham ahamiyatli darajada. Xususan, 176 nafar bitiruvchiga oltin, 20 nafariga esa kumush medal taqdim etilishi rejalashtirilgan. Bu ularning ta’lim sohasidagi yuksak natijalari va shaxsiy intilishlarining e’tirofi sifatida baholanmoqda.

So‘nggi yillarda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, maktablarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanayotgani, pedagoglar malakasining oshirilishi va rag‘batlantirish tizimining takomillashuvi shunday muvaffaqiyatlar zaminini yaratmoqda. Sirdaryolik yoshlarning xalqaro miqyosda erishgan natijalari mamlakatimizdagi ta’lim islohotlarining amaliy samarasidir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri