Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryoga 200 ta zamonaviy paxta terim kombayni keltirildi
16:52 / 2025-09-16

Sirdaryo viloyati 2025 yilgi paxta terimi mavsumiga to‘liq tayyor. Joriy yilda paxta terimi jarayoni mexanizatsiya asosida, ya’ni qo‘l mehnati ishlatilmay, zamonaviy paxta terim kombaynlari orqali amalga oshiriladi.

Bu haqda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimov mas’ul idora va tashkilotlar rahbarlari bilan o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Ma’lum qilindiki, 2024 yilda viloyatda 165 ta paxta terish mashinasi mavjud bo‘lgan bo‘lsa, joriy mavsumda 200 ta yangi va yuqori unumdor texnika xarid qilindi. Shu tariqa, umumiy texnika soni 365 taga yetkazildi, bu esa terimni tez va sifatli amalga oshirish imkonini beradi.

Hokim Erkinjon Turdimov majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligini alohida ta’kidladi:

“Paxtani qo‘l terimi ishlatmasdan, texnik imkoniyatlardan samarali foydalansak, belgilangan muddatda yakunlashimiz mumkin”, — dedi u.

Paxta xom ashyosini qabul qilishda ham shaffoflik asosiy vazifa sifatida belgilangan. “Hosil qabuli” axborot tizimi orqali har bir maydondan kelgan hosil qayd etiladi va past nav sifatida baholashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Shuningdek, terim yakunlangan maydonlarda g‘alla ekish ishlarini kechiktirmay amalga oshirish, shu maqsadda texnika, urug‘lik, mineral o‘g‘it va suv ta’minoti bilan ta’minlash masalasi ham qat’iy nazorat ostida olib boriladi.

Viloyat rahbarining ta’kidlashicha, mazkur chora-tadbirlar paxta terimi jarayonini zamonaviy, samarali va shaffof tashkil etish, qo‘l mehnatini kamaytirish hamda hosildorlik va hosil sifatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishga xizmat qiladi.

G‘ulom Primov,

Shahriyor Ortiqboyev (surat), O‘zA muxbirlari