Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Sirdaryodagi tibbiyot muassasalari zamonaviy gemodializ apparatlari bilan ta’minlanmoqda
16:38 / 2021-09-29

Sirdaryoda aholi orasida nefrologik va buyrak yetishmovchiligi kasalliklarini barvaqt aniqlash, diagnostika qilish, uning oldini olish, kasallikka chalingan bemorlarni ambulator-statsionar tartibda davolash borasida muhim qadamlar tashlandi.

Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari esa bunday kasalliklar bilan kasallangan bemorlarning sog‘ligini tiklashda nihoyatda qo‘l kelmoqda.  

Ish va davolash usullari integratsiyalashgan usullarda olib borilmoqda. Buning natijasida Sirdaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining gemodializ va nefrologiya bo‘limi imkoniyati yana bir barobarga oshdi. Germaniyadan keltirilgan va o‘rnatilgan “Frezenius 4008 S” hamda “B Braun Dialog+” gemodializ apparatlari esa bunday turdagi kasalliklar bilan kasallangan bemorlar sog‘ligini tiklashda, bo‘lim shifokorlariga ko‘makchi bo‘lmoqda.

Ushbu turdagi kasalliklar bilan kasallangan bemorlarga qulayliklar yaratish maqsadida, qo‘shimcha Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasida nefrologiya bo‘limi tashkil etilib, uni ishga tushirish, bemorlarga xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish ustida ish ham boshlab yuborildi. Yaqinda, ana shu turdagi apparatlardan yana 12 donasi viloyatga keltirildi. Keltirilgan gemodializ apparatlarining 10 donasi yangitdan tashkil etilayotgan Yangiyer shahar tibbiyot birlashmasiga, 2 donasi Sirdaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga berildi. Endilikda viloyatda mazkur apparatlar soni 22 taga yetdi.

– Gemodializ – bu buyrak apparati yordamida yarim o‘tkazuvchan membrana orqali qonni tozalash jarayoni, – deydi Sirdaryo viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining  gemodializ va nefrologiya bo‘limi mudiri, nefrolog Valeriy Dyagilov. – U buyrak yetishmovchiligi, dori-darmon, alkogoldan zaharlangan odamlar uchun zarur bo‘lib, qondan toksinlar va karbamidni filtrlaydi, ortiqcha suyuqlikni yo‘q qiladi, elektrolitlar muvozanati, qon bosimini normallashtiradi va kislota-ishqor muvozanatini tiklaydi. Muhimi, inson salomatligini tiklashga yordam beradi. bugungi kunda aholiga ko‘rsatilayotgan nefrologiya va gemodializ yordamini yanada takomillashtirish maqsadida Sirdaryoda ham muhim qadamlar tashlangan. Prezidentimizning “Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida bu masalaga alohida e’tibor qaratilib, hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining umumiy o‘rinlar fondi hisobidan nefrologiya va gemodializ bo‘limlari 50 o‘ringacha yetkazilishi, ushbu bo‘limlar uchun yangi gemodializ apparatlari va sarflash vositalari xarid qilinishi belgilab ham berildi. Bu esa gemodializga muhtoj, buyrak yetishmovchiligi kasalligi bilan kasallangan bemorlar, qolaversa biz, shifokorlar uchun katta imkoniyat bo‘ldi.

Muhimi, ushbu turdagi kasalliklar bilan kasallangan bemorlarni davolash, sog‘lom hayotga qaytarish borasida olib borilayotgan ishlar o‘z natijasini beradi. Bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish borasidagi ishlar yo‘lga qo‘yiladi va nefrologiya va buyrak yetishmovchiligi bo‘limi imkoniyati kengayadi.

 

Shuhrat Suyarov, O‘zA